Bugungi globallashgan dunyoda oliy ta’lim tizimlari uchun xalqaro hamkorlik va almashinuv dasturlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu dasturlar orqali talabalar va o‘qituvchilar nafaqat xorijiy mamlakatlarda o‘qish va ilmiy faoliyat olib borish imkoniga ega bo‘ladilar, balki zamonaviy bilim va tajribalarni O‘zbekistonga olib keladilar.
O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari so‘nggi yillarda bu yo‘nalishda sezilarli yutuqlarga erishmoqda. 2023-2024-o‘quv yillari davomida Malayziyaning Pendidikan Sultan Idris universiteti tomonidan taqdim qilingan 1 semestrlik grand sohibasi Sarvinoz Akramova chet elda o‘qish davomida qanday bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgani haqida gapirib berdi.
– Xorijda o‘qib, yangi ta’lim tizimi bilan tanishishni hali oliygoh talabasi bo‘lmagan vaqtlarimda niyat qilar edim. Bakalavr bosqichida O‘zbekiston davlat sharqshunoslik universiteti Sharq filologiyasi va tarjima fakultetiga o‘qishga kirdim. Shundan so‘ng universitet miqyosida turli tanlovlarda faol qatnasha boshladim. Bu tanlovlar orasida chet elda ma’lum muddat o‘qish imkonini beruvchi Exchange/Mobility program 3 va 6 oylik talabalar almashinuvi dasturi bor edi. Shu dastur doirasida ishtirok etib, “Mobility program of learning malaysian language” 6 oylik grandini yutib oldim va Malayziyaning Perak shtatida joylashgan UPSI universitetida ta’lim oldim.
Ushbu dastur kareramda tub burilish yasadi desam, hech ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Avvalo, til ko‘nikmamni oshirdim va sharq tillarini nafaqat adabiy, balki shevalarini ham o‘rgandim. Qolaversa, chet eldagi o‘zgacha ta’lim tizimi va yashash muhitida raqobatbardosh bo‘lish, maqsad yo‘lida to‘xtamay harakat qilish kerakligini anglab yetdim. Chet elda qisqa vaqt davomida bo‘lsa ham o‘qish menga mustaqil bo‘lish va muammolarga tezda yo‘l topishni o‘rgatdi. Madaniyatlararo almashinuv va netvorkingni oshirishga ham katta yordam bo‘ldi.
Ushbu dastur sababli Malayziyada o‘tkazilgan Xalqaro “Malay tili notiqlik san’ati” tanlovida 2-o‘rinni egalladim. Malay tilida badiiy va publitsistik maqolalarim nashr qilindi. Hozirgi paytda Malayziyadan yurtimizga mehmonlar tashrif buyurganda tarjimonlik faoliyatini ham olib boraman. Boshqa ta’lim tizimi va umuman boshqacha atmosfera kishini qobiqlarni yorib chiqishga o‘rgatadi. Aynan men tahsil olayotgan universitetda ushbu dastur borligi mening omadim edi. Chunki, chet el oliygohlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan almashinuv dasturlari faol va kreativ kadrlarni tarbiyalaydi va yoshlar uchun imkoniyat eshiklarini ochib beradi, – dedi S.Akramova.
O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari xalqaro almashinuv dasturlarini joriy etish orqali ta’lim sifatini yanada oshirishga, talabalarning global bilim maydoniga chiqishiga, shuningdek, gumanitar va texnika sohalarida ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda. Erasmus+, Double Degree, Student Exchange program kabi dasturlar talabalar va professorlar uchun katta imkoniyatlarni taqdim etadi. Kelajakda bu sohada yangi hamkorliklar va loyihalar kengayishi kutilmoqda. Bu esa O‘zbekiston oliy ta’limini jahon darajasiga olib chiqishga muhim omil sifatida xizmat qiladi.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA