Talabalar uchun qo‘shaloq bayram bo‘ldi
Qarshi davlat universitetida o‘qituvchi va talabalar uchun munosib sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayni paytda mazkur ta’lim muassasasida 14 ta fakultet, 42 ta kafedra mavjud, 20 ming 481 nafar talaba tahsil olmoqda.
Universitetda nafaqat ta’lim sifatini oshirish, talabalarning yashash sharoitini yaxshilash borasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bugungi kunda universitet tarkibida 9 ta talabalar turar joyi mavjud bo‘lib, talaba-yoshlar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilayotir.
Universitet talabalari uchun Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 29 yilligi qo‘shaloq bayramga aylandi. Bayram arafasida talabalar turar joylari, yumshoq qoplamalik stadion, voleybol, basketbol va mini futbol maydonlari, sport majmuasi foydalanishga topshirildi. Kapital ta’mirlangan 2-, 3-, 7- va 9-talabalar turar joylariga zamonaviy rusumdagi kir yuvish mashinalari, elektr plitalar, televizor va kompyuterlar keltirildi.
[gallery-4996]
Har bir qavatdagi talabalar yashaydigan xonalarda ikki qavatli krovatlar o‘rnatilib, shkaf, stol-stullar yangilandi. Mebel jihozlari, kitob javoni va barcha kerakli adabiyotlar bilan ta’minlangan o‘quv zallari tashkil etildi, kir yuvish xonalari, yuvinish xonasi, oshxona hamda hojatxonalar qayta ta’mirdan chiqarildi. Har bir yotoqxona yuqori tezlikda ishlaydigan Wi-Fi qurilmasi bilan ta’minlandi.
Talabalar nafaqat internet tarmog‘idan ta’lim jarayoni uchun bepul va cheklovlarsiz foydalanishlari balki, respublikamizning barcha oliy ta’lim muassasalari axborot resurs markazlarining elektron bazalariga kirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shuningdek, yotoqxonalarda barmoq izlarini identifikatsiyalash texnologiyasi orqali ishlaydigan zamonaviy turniketlar o‘rnatilmoqda. Mazkur turniketlar talabalar turar joylarida xavfsizlik nuqtai-nazaridan begona shaxslarning kirmasligini, talabalarning o‘z vaqtida yotoqxonalarda bo‘lishini ta’minlaydi.
Moslashtirish jarayonlaridan so‘ng barcha yotoqxonalarda sig‘im sezilarli darajada kengaydi. Endilikda 3-talabalar turar joyi (ilgari 224 o‘rinli) 260 nafar yoshlarni, 2-talabalar turar joyi (avval 150 o‘rinli) 181 nafar yoshlarni, 7-talabalar turar joyi (ilgari 224 o‘rinli) 360 nafar yoshlarni, shuningdek, 9- talabalar turar joyi ( avval 90 o‘rinli) 170 nafar yoshlarni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi. Shuningdek, tez orada 800 o‘ringa mo‘ljallangan 8-talabalar turar joyi ham foydalanishga topshiriladi.
Joriy yil sentyabr oyida 1 ming 671 nafar talaba turar joyga ega bo‘lgan bo‘lsa, qo‘shimcha yotoqxonalarning ta’mirlanib foydalanishga topshirilishi evaziga qamrov ko‘rsatkichi 2 ming 538 nafarga (55%) yetadi. Shuningdek, 2022/2023 o‘quv yilida yana umumiy hajmi 600 o‘rinli talabalar turar joyi foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Bugun shuningdek, talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish hamda ularni sog‘lom turmush tarziga keng jalb qilish maqsadida barpo etilgan mutlaqo zamonaviy ko‘rinishga ega 100x60 o‘lchamdagi sun’iy qoplamalik universitet bosh stadioni, voleybol, basketbol va mini futbol maydonlari, 34x16 o‘lchamdagi sport zali ham foydalanishga topshirildi. Yangidan ta’mirdan chiqarilgan sport zalda voleybol, qo‘l to‘pi, basketbol va mini futbol kabi bir qator sport turlari bilan shug‘ullanish imkoniyati yaratilgan.
Ayniqsa universitet bosh o‘yingohi nafaqat oliy ta’lim muassasasi talaba-yoshlari balki universitetga yondosh mahallalar yoshlari uchun ham haqiqiy bayram sovg‘asi bo‘ldi. Stadionda, shuningdek, yengil atletika turlaridan musobaqalar o‘tkazilishi hamda bu musobaqalarni 500 tomoshabin bevosita tomosha qilishi mumkin.
Qarshi davlat universitetida yaratilayotgan sharoitlarning barchasi yoshlar uchun, ularning zamonaviy bilim olishlariga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat) ,O‘zA