Talabalar uchun mehnat yarmarkasi
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talabalarni ish bilan ta’minlash maqsadida mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
Prezidentimiz raisligida joriy yil 4 mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida oliy o‘quv yurtlari talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha bir qator topshiriqlar berilgan edi. Ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda talabalar bevosita ish beruvchilar bilan suhbatlashib o‘ziga munosib ish topish imkoniga ega bo‘ldi.
Nukus davlat pedagogika institutida jami 16 ming 698 nafar talaba o‘qiydi. Ulardan 9 ming 58 nafari bakalavriatning kunduzgi, 5 ming 928 nafari sirtqi, 258 nafari kechki ta’lim shaklida, 440 nafari ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha, 1 ming 14 nafar talaba esa magistratura bosqichida tahsil oladi. Qo‘shimcha daromad topishga ehtiyoji bor talaba yoshlarning ro‘yxati, ularning imkoniyatlari o‘rganilib mehnat yarmarkasiga shu asosda ish beruvchilar taklif qilindi.
Jumladan, asosiy ish beruvchi hisoblangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi va Maktabgacha ta’lim vazirliklari tizimidagi boshqarma va bo‘limlar, 50 ga yaqin tadbirkorlik sub’ekti, davlat va nodavlat korxona, tashkilot va muassasalarning vakillari bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.
– Ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” ga kiritilgan oilalar farzandlari bo‘lgan 700 nafar talabaning bandligini ta’minlash, yoshlarga qo‘shimcha daromad topishga imkoniyat yaratish asosiy maqsadimiz, – deydi institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Q.Qodirov. – Ta’kidlash joizki, institutda ham o‘qiydigan ham ishlaydigan, ishlash niyatidagi yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida kovorking markazi faoliyat yuritmoqda.
Oliygoh marketing va talabalar amaliyoti bo‘limi mudiri P.Xojaniyazovning ta’kidlashicha, bugungi kunda o‘qish bilan birga ish bilan band bo‘lgan 400 nafardan ziyod talaba uchun zamonaviy kompyuterlar, bepul internet tarmog‘i va boshqa imkoniyatlar yaratilgan. Shu bilan birga, talabalarga mehnat qonunchiligi doirasida tushuntirish ishlari olib borish, huquqiy maslahatlar berib borish yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilda institutni jami 2101 nafar, shundan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 1744 nafar, magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 357 nafar talaba bitirishi kutilmoqda.
Mehnat yarmarkasida ushbu bitiruvchilarning bandligini ta’minlash, ularga tegishli soha bo‘yicha yo‘llanma berish, ish beruvchilar bilan shartnoma imzolash ishlari olib borildi.
– Institutning chet tillari fakulteti 2 kursida tahsil olaman, – deydi tadbir ishtirokchisi Dilfuza Abdurahmonova. – Yarmarkada Nukus tumanidagi 5-maktabgacha ta’lim tashkilotiga rus tili fanidan dars berish bo‘yicha ishga joylashdim. Biz, yoshlarga qaratilayotgan e’tibordan mamnunmiz.
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA