Talabalar uchun ilk multimedia studiyasi ochilmoqda
Bugun “Yangi O‘zbekiston. Yangi nigoh” media-haftaligi doirasida “Sevimli TV” telekanali va O‘zEOAVMA hamkorligida O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida mamlakatimizdagi ilk talabalar multimedia studiyasi ochilmoqda.
Bu yerda eng faol va tashabbuskor talabalar guruhi jurnalistikaning amaliy ko‘nikmalarini o‘zlashtirishi, shuningdek, talabalar hayoti bilan bog‘liq yangiliklarni mazkur yoshlar loyihasini o‘z homiyligiga olgan “Sevimli TV” telekanali orqali yoritishlari mumkin. Oldinda yoshlarni ommabop internet va televizion platformalarda ishlash jarayonlari kutmoqda, hozir esa, ular mahorat darslari, seminar-trening mashg‘ulotlari orqali o‘z ko‘nikmalarini oshirishi, o‘z uslub va yo‘nalishlarini topishi zarur. Bundan tashqari, “Poytaxt” radiosi bilan hamkorlikda radiostudiya ham ochiladi. Boshlovchi radiojurnalistlar uchun amaliyot, loyihalarni joriy qilish, yoshlarbop ko‘ngilochar dasturlar tayyorlash uchun efir vaqti ajratiladi.
– Ayni paytda media-haftalik qizg‘in pallaga kirdi, yoshlar uchun bir necha kunlik seminar mashg‘ulotlari, media-maydonchalari o‘z samarasini bera boshlaganini ko‘rsatmoqda. Xorijiy murabbiylar ham yoshlarimizning intilishi va shijoatlarini e’tirof etmoqda. Birgina murabbiy mashg‘ulotlariga birinchi kuni 20 nafar talaba qatnashgan bo‘lsa, ikkinchi kuni ularning soni 40 nafarga yetgan. Holbuki, bo‘lajak jurnalistlarimiz uchun bu mashg‘ulotlarga qatnashish mutlaqo ixtiyoriy, – dedi O‘zOAVMA rahbari Firdavs Abduxoliqov.
Talaba-yoshlar uchun zamonaviy bazalar O‘zbekistonning beshta universiteti, OAV sohasida kadrlar tayyorlanadigan fakultetlar qoshida tashkil qilinadi. Bu tashabbus o‘zaro memorandumlar orqali mustahkamlanadi. Bugun Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti va O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutida O‘zEOAVMA bilan ana shunday hujjatlar imzolanadi.
– Avvalo, media-haftalik tashkilotchilariga o‘z minnatdorligimni bildiraman, barchasi eng yuqori andozalarga muvofiq va hozirgi jarayonlardagi eng yuqori himoya darajalari bilan tartibga solingan. Tadbirning o‘zi, taklif etilgan mutaxassislar bizda yorqin taassurot uyg‘otmoqda va bugun biz kuzatib borish imkoniga ega bo‘lgan oqimga qo‘shilish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Hozir qanchalik xursand ekanimni ifodalab berolmayman, — dedi O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Xalqaro jurnalistika va jamoatchilik bilan aloqalar fakulteti 1-bosqich talabasi Viktoriya Zubairova.
Media-haftalik doirasida ixtisoslashtirilgan universitet va fakultetlar talabalari PR va SMM, jurnalistika, operatorlik mahorati, montaj va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha malaka oshiradi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA