Talabalar turar joylarida 24 soatlik navbatchilik tashkil etilgan
Ma’lumki, 2022 yil 7 fevraldan boshlab barcha ta’lim tashkilotlarida o‘quv jarayoni bosqichma-bosqich an’anaviy shaklga o‘tkazilmoqda.
Hududlardan kelib tahsil olayotgan talabalarning joylashishi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan to‘liq nazoratga olingan. Bu haqda vazirlik axborot xizmati ma’lum qildi.
Shuningdek, talabalarga qulaylik yaratish, doimiy yashash hududidan ta’lim muassasalariga istalgan vaqtda yetib kelishlarini muvofiqlashtirish maqsadida oliy ta’lim muassasalari talabalar turar joylarida jadval asosida tyutorlar jamoasidan iborat 24 soatlik navbatchilik tashkil etilgan.
Bundan tashqari, talabalarni turar joy bilan ta’minlash ishlarini muvofiqlashtirish sektori tomonidan ijara uy topishga qiynalayotgan talabalar muammolarini bartaraf qilish uchun mahalla raislari va IIB profilaktika inspektorlari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.
bugungi kunga kelib, hududlardan 36 ming 738 nafar talaba Toshkent shahriga yetib kelgan. Ularning 10 ming 32 nafari oliy ta’lim muassasalaridagi talabalar turar joylariga, 18 ming 204 nafari ijara xonadonlariga, 8 ming 502 nafari yaqin qarindoshlarinikiga joylashgan.
O‘zA