Namanganda yangi o‘quv yili oldidan Respublika Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan ommmaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida oliy o‘quv yurtlari talabalarini turar-joylar bilan ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan press-tur o‘tkazildi.
Viloyatdagi tadbir Namangan shahridagi Boburshoh ko‘chasida joylashgan Namangan davlat universitetida barpo etilayotgan 400 o‘rinli talabalar turar-joyi qurilishi bilan tanishishdan boshlandi.
Universitet rektori Sobitxon Turg‘unovning qayd etishicha, oliygohda 16 ta fakultet, 46 ta kafedra, 67 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 25 ming nafarga yaqin talaba tahsil oladi. Ularga 735 professor-o‘qituvchi, 26 fan doktori, 214 fan nomzodi saboq beradi. Yangi o‘quv yilida talabalar uchun talabalar turar joyidan 1060 joy hozirlandi, ijara xonadonlarida jam 644 xonadon egalari bilan kelishuv asosida 3574 talabaga joy ajratildi.
Umumiy qiymati 25 milliard so‘mni tashkil etuvchi yangi talabalar turar-joyi yetti qavatdan iborat bo‘lib, bino tom qismiga quyosh panellari o‘rnatiladi. Buning natijasida uzluksiz va tejamkor elektr energiyasi bilan ta’minlanadi. Binoning birinchi qavatida o‘quv xonasi, oshxona, tibbiy xizmat xonasi, sport-sog‘lomlashtirish hamda maishiy xizmat ko‘rsatish xonalari joylashadi.
To‘rtta xonaning jismoniy imkoniyati cheklangan talabalar uchun qurilishi hamda ularda zaruriy xonalarning mavjudligi nogironligi bo‘lgan shaxslarga katta qulaylikdir. Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan talabalarning turar-joy binosiga kirib-chiqishlarida qulay bo‘lishi uchun panduslar o‘rniga kichik liftga o‘xshash qurilmalar o‘rnatiladi. Mazkur ob’ekt kelasi yil Navro‘z ayyomigacha foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, 2025 yilga qadar yana yetti qavatli 400 o‘rinli talabalar turar joyi binosini ham bunyod etish rejalashtirilgan.
Namangan muhandislik-qurilish institutida Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 9 sentyabrdagi “Respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar-joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024 yilga qadar jami 1 ming 200 o‘rinli ikkita talabalar turar-joyini barpo etish belgilangan. Jumladan, 2022 yil 9dekabr kuni tasdiqlangan bitimga ko‘ra, Yangi Namangan tumanidagi Islom Karimov ko‘chasi, 39-uyda joylashgan “Temiryo‘lchilar shifo maskani” oilaviy korxonasiga qarashli sihatgohga rejalashtirilgan qurilishi tugallanmagan uch qavatli bino davlat-xususiy sheriklik asosida 300 o‘rinli talabalar turar joyiga moslashtirildi.
Tadbirkor Muxtorjon Mo‘ydinovning shaxsiy mablag‘i hisobidan 5 milliard 300 million so‘m investitsiya kiritilishi natijasida yotoqxona binosi to‘liq rekonstruksiya qilib, belgilangan jihozlar olib kelib o‘rnatildi. Binoga kelgusida yana qo‘shimcha ikki qavat qurish va o‘rinlar soni 500 taga yetkazish ko‘zda tutilgan. Keyinchalik alohida sakkiz qavatli 500 o‘rinli yotoqxona barpo etiladi. Institut tomonidan yotoqxonaga ehtiyoji mavjud talabalar ro‘yxati shakllantirilib, ularni joylashtirish bo‘yicha barcha tegishli choralar ko‘rildi.
Muammo shundaki, 2022 yil 7 noyabr kuni tasdiqlangan tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha hukumat yig‘ilishi bayoniga asosan ob’ekt binosiga 100 metr masofaga tabiiy gaz tarmog‘ini tortish hamda binoga kirish yo‘lagigacha bo‘lgan 600 metr kvadrat yo‘lga qattiq qoplamali asfalt yotqizish vazifasi topshirilgan bo‘lsada, hanuzgacha mazkur vazifa “Hududgaz ta’minot” aksiyadorlik jamiyati va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining viloyatdagi mutasaddi rahbarlari tomonidan amalga oshirilmasdan qolib ketmoqda. Bu borada tegishli tashkilotlar hozirdanoq ishga kirishmaydigan bo‘lsa, qishli kunlarda ko‘plab qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi bor gap.
2022 yil 4 dekabrda imzolangan davlat xususiy sheriklik kelishuvi bitimiga asosan “Nifrit impeks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan NamMQI balansida bo‘sh turgan 30 sotix yer maydoniga 12 qavatdan iborat 1000 o‘rinli talabalar turar-joyi binosini qurishga kirishildi. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 74,836 milliard so‘m bo‘lib, shundan 30 milliard so‘mi byudjet subsidiyasi, 44,836 milliard so‘mi tadbirkor hisobidan amalga oshiriladi. Ayni paytda ushbu ob’ektda yer va kotlavan qazish ishlari to‘liq tugatilib, beton ishlari yakuniga yetmoqda. Turar-joy binosi 2023 yilning oxirida talabalar uchun foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Qayd etish joizki, bugungi kunda Namangan muhandislik-qurilish instituti talabalari uchun Yangi Namangan tumanidagi Islom Karimov ko‘chasida 800 o‘rinli, Uychi tumanidagi Oqtosh mahallasi hududida 200 o‘rinli ikkita yotoqxona binosi xizmat qilib kelmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, hozirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan talabalarni turar-joylar bilan ta’minlash bo‘yicha respublika miqyosida 38 ming o‘rinli 83 ta talabalar turar-joylarini barpo etish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida 23 ming 494 o‘rinli 50 ta, oliygoh va byudjet mablag‘lari va oliy o‘quv yurtlarining to‘liq o‘z hisobi hamda investitsiya dasturi doirasida 10 ming 660 o‘rinli 21 ta talabalar turar-joyi qurilishi uchun zarur mablag‘lar ajratildi.
Ijara xonadonlariga joylashgan talabalarga ijara to‘lovining bir qismini qoplab berishlari ham yangi tartibda to‘lab beriladi. Ya’ni, oylik ijara to‘lovining bir qismi ijara shartnomasining summasidan qat’iy nazar Toshkent shahrida – bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (330 ming so‘m), qolgan hududlarda – bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari (165 mingso‘m) miqdorida to‘lanishi belgilab qo‘yildi. Shu tartibda yangi o‘quv yilida talabalarni ta’mirlangan va bo‘sh turgan ijara xonadonlariga joylashtirish tashkil etiladi.
[gallery-13419]
Bundan tashqari, talabalarni turar-joy bilan ta’minlashning shaffof va samarali tizimini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, talabalar turar-joyiga joylashish faqat davlat xizmati markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron ariza berish yo‘li bilan amalga oshirilishi hamda talabalarga navbatni onlayn kuzatish va to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratilishi belgilandi.
Oqilxon Dadaboyev,
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA