Talabalar olimpiadasi qanday samara berdi?
154 ming nafardan ortiq talabani qamrab olgan “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” mamlakatimizda talabalar sportini rivojlantirishning yangi bosqichini boshlab berdi.
Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida ularning jismoniy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish va sportni hayot tarziga aylantirish masalalari ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Ayniqsa, joriy yilning 24-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan ochiq muloqotida bu boradagi vazifalar yanada aniq belgilab berildi. Uchrashuvda yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ommaviy sport harakatini kengaytirish hamda ta’lim muassasalarida sport infratuzilmasidan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida so‘nggi oylarda bir qator yangi loyihalar hayotga tatbiq etildi. Ular orasida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” alohida ahamiyat kasb etdi. Mazkur musobaqa talabalar sportini rivojlantirish, iqtidorli yosh sportchilarni aniqlash va universitetlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga qaratilgan keng qamrovli loyiha sifatida e’tiborga loyiq.
Ommaviylik va qamrov: keng ko‘lamli sport harakati
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, Olimpiada qisqa vaqt ichida mamlakatdagi eng yirik talabalar sport loyihasiga aylandi. Avvalo, musobaqalarni tashkil etish mexanizmiga e’tibor qaratsak, uch bosqichli tizim qamrov va saralash tamoyillarini samarali uyg‘unlashtirish imkonini berdi.
Birinchi bosqichda, ya’ni aprel oyida o‘tkazilgan universitet ichki musobaqalarida 170 ta oliy ta’lim muassasasidan 154 ming nafardan ortiq talaba ishtirok etdi. Bu ko‘rsatkich talabalarning sportga bo‘lgan qiziqishi yuqori ekanini hamda ta’lim muassasalarida sport infratuzilmasidan samarali foydalanish imkoniyatlari kengayib borayotganini namoyon qildi.
May oyida tashkil etilgan hududiy bosqich esa mamlakatning turli hududlaridagi eng kuchli jamoa va sportchilarni saralab olish vazifasini bajardi. Unda 146 ta oliy ta’lim tashkilotidan qariyb 10 ming nafar talaba ishtirok etdi. Natijada respublika finalida qatnashadigan eng kuchli sportchilar va jamoalar aniqlandi.

Respublika finali: eng kuchlilar bahsi
“Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi”ning hal qiluvchi bosqichi – respublika final musobaqalari 4–9-iyun kunlari Toshkent shahrida o‘tkazildi. Bir necha kun davom etgan bellashuvlarda mamlakatning barcha hududlaridan kelgan 2 ming 368 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Final bahslarining zamonaviy sport inshootlarida tashkil etilgani ishtirokchilar uchun munosib sharoit yaratdi. “Olimpiya shaharchasi”, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Chirchiq davlat pedagogika universiteti sport majmualari hamda Milliy futbol markazi kabi ob’ektlar musobaqalarning yuqori saviyada o‘tishini ta’minladi.
Musobaqa dasturiga kiritilgan futbol, voleybol, gandbol, basketbol 3x3, stol tennisi, yengil atletika va suzish kabi sport turlari talabalar orasida eng ommabop yo‘nalishlar sifatida tanlandi. Bu esa keng qamrovli ishtirokni ta’minlash bilan birga, turli hududlar va sport maktablari vakillarining o‘zaro raqobatlashishiga imkoniyat yaratdi.


G‘oliblar va yangi yetakchilar
“Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” yakunlariga ko‘ra, umumjamoa hisobida Farg‘ona davlat universiteti 7 ta oltin, 6 ta kumush va 5 ta bronza medal bilan birinchi o‘rinni egalladi. Urganch davlat universiteti ikkinchi, Qoraqalpoq davlat universiteti esa uchinchi pog‘onadan joy oldi.
E’tiborli jihati shundaki, musobaqalar natijalari faqat jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishi mavjud oliygohlar bilan cheklanib qolmadi. Sportga ixtisoslashmagan universitetlar o‘rtasida ham alohida reyting yuritildi. Unda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti yetakchilik qildi. Bu holat talabalar sportining muayyan yo‘nalish yoki fakultetlar doirasida emas, balki barcha oliy ta’lim muassasalarida rivojlanayotganini ko‘rsatadi.


Nodavlat va xorijiy OTMlar ishtiroki
Olimpiada qamrovining kengayib borayotganini nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalarining faol ishtiroki ham tasdiqladi. Mazkur toifadagi ta’lim muassasalari uchun alohida nominatsiyalar ta’sis etilishi ularning sport sohasidagi faolligini rag‘batlantirishga xizmat qildi.

Talabalar sportida yangi bosqich
“Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” o‘zining ilk mavsumidayoq mamlakatdagi eng yirik talabalar sport loyihalaridan biri sifatida shakllandi. Musobaqalarning barcha bosqichlarida 170 ta oliy ta’lim muassasasi va 154 ming nafardan ortiq talaba-yoshlarning qamrab olingani mazkur tashabbusning keng ko‘lam kasb etganini ko‘rsatdi. Qariyb 10 ming nafar ishtirokchi qatnashgan hududiy bosqichlar va 2 ming 368 nafar sportchini jamlagan respublika finali mamlakatimizda talabalar sportini rivojlantirish bo‘yicha yaxlit tizim shakllanayotganini namoyon etdi.
Eng muhimi, Olimpiada oliy ta’lim muassasalarida sog‘lom raqobat muhitini mustahkamlash, yoshlarni muntazam sport bilan shug‘ullanishga jalb etish, universitet sport klublari faoliyatini rag‘batlantirish hamda iqtidorli sportchilarni saralab olishning samarali mexanizmiga aylanib bormoqda. Bu esa davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar siyosati va ommaviy sport sohasida belgilangan vazifalarning amaliy ifodasi bo‘lib, talabalar sportini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA