Talabalar Kolumbiya universitetida malaka oshiradi
Ma’lumki, joriy yil may oyida sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligidagi delegatsiyaning AQSHga xizmat safari doirasida dunyoga mashhur Kolumbiya universiteti rahbariyati bilan tibbiy ta’lim bo‘yicha qator manfaatli kelishuvlarga erishilgan edi.
Buning amaliy natijasi sifatida mazkur o‘quv yurti dekani, professor Kristian Stoler Toshkent davlat stomatologiya institutiga tashrif buyurdi.
Mehmon iqtidorli talabalar, yosh mutaxassislar va professor-o‘qituvchilar bilan davra suhbati o‘tkazdi. Institut rahbariyati bilan uchrashuvda esa bu yerda tahsil olayotgan 30 nafar iqtidorli talaba, 5 nafar doktorant hamda 10 nafar pedagogning akademik almashinuv dasturi bo‘yicha Kolumbiya universitetida malaka oshirishi yuzasidan kelishuvga erishildi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Kolumbiya universiteti jahon reytingida yuqori pog‘onalarni band etib kelmoqda.
Jahon farmatsevtika bozorida universitet olimlarining kashfiyot va ixtirolari nom qozongan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA