Talabalar issiq va qulay turar joylarga joylashtirildi
Toshkent davlat texnika universiteti talabalari boshqa yotoqxonalar va ijara xonadonlariga joylashtirildi.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova boshchiligidagi ishchi guruh talabalar yotoqxonasiga borib, mavjud vaziyatni joyida o‘rgandi.
O‘rganish jarayonida tadbirkor, tegishli mas’ullar, prokuratura xodimlari hamda Toshkent davlat texnika universiteti rahbariyati ishtirok etib, holat yuzasidan zarur choralar belgilandi.

Aniqlanishicha, Talabalar shaharchasida davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan mazkur talabalar turar joyi hali rasman foydalanishga topshirilmagan. Ob’ektning kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan, foydalanish uchun zarur ruxsatlar olinmagan.
Shuningdek, issiq suv va isitish tizimlari hali ulanmagan, yong‘in xavfsizligi bo‘yicha ham ob’ekt amaldagi talablarga javob bermaydi. Shu sababli talabalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida ular mazkur ob’ektdan chiqarilib, universitetning mavjud talabalar turar joylari hamda ijara xonadonlariga to‘liq joylashtirildi.

Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur ob’ektga avval joylashtirilgan talabalardan undirilgan to‘lovlar tadbirkor tomonidan 3 kun muddatda to‘liq qaytarib beriladi. Ayni paytda ob’ektning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va foydalanish uchun zarur ruxsatlarni olish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Holat bo‘yicha barcha jihatlar o‘rganilib, talabalarning xavfsizligi va qonuniy manfaatlarini ta’minlash yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
G.Boboyeva,O‘zA