“TalabaEXPO – 2026” yoshlar kelajagiga xizmat qilayotgan muhim maydon
Qarshi davlat universitetida oliy ta’lim muassasalari bitiruvchi talabalari uchun tashkil etilgan “TalabaEXPO – 2026” kasb ko‘rgazmasi yoshlar bandligini ta’minlash, ularning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va mehnat bozoriga integratsiyasini kuchaytirishga qaratilgan muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “O‘zmilliybank” AJ, Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda “Kelajakka qadam” markazi hamkorligida tashkil etilgan mazkur ko‘rgazma talaba-yoshlar va ish beruvchilarni bir maydonda uchrashtirgan amaliy muloqot platformasi sifatida ahamiyat kasb etdi.
– Tadbirda jamoamiz bilan yaratgan elektromobilimiz bilan qatnashdik, – deydi Qarshi davlat texnika universiteti talabasi Fazliddin Mahmadiyev. – Mazkur loyiha “Kelajak muhandislari” festivalida ishtirok etish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, tanlovda faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ushbu elektromobilimiz ikki oy davomida ishlab chiqilgan, 20 kun loyihalash ishlariga, yana 20 kun esa karkas va kuzov qismini tayyorlashga sarflandi. Elektromobilning kuzovi yengil profildan yasalib, usti dyuralyuminiy bilan qoplangan. Transport vositasi to‘liq elektr energiyasi asosida harakatlanadi. Unga 48 voltli, 20 amperli akkumulyator o‘rnatilgan bo‘lib, motor quvvati 0,5 kilovattni tashkil etadi. Bir martalik quvvat bilan 45-50 kilometr masofani bosib o‘ta oladi. Maksimal tezligi soatiga 45 kilometrga teng. Bu sinov tariqasida tayyorlangan loyiha bo‘lib, asosiy e’tibor ekologik soflikka qaratilgan.
Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar bandligini ta’minlash, ularni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlikka keng jalb etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Ayniqsa, oliy ta’lim muassasalarini bitirayotgan yoshlarning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha munosib ish topishi, mehnat faoliyatini aniq maqsad asosida boshlashi muhim ahamiyatga ega. “TalabaEXPO – 2026” ana shu maqsadlarga xizmat qilgani bilan e’tiborli bo‘ldi.
Ko‘rgazma doirasida talabalar uchun bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi. Turli sohalarda faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar o‘zlaridagi mavjud vakansiyalar haqida ma’lumot berib, bitiruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri suhbatlar o‘tkazdi. Bu esa yoshlarga mehnat bozoridagi ehtiyoj va imkoniyatlar haqida amaliy tasavvur hosil qilish imkonini berdi.
Tadbirda tadbirkorlikka qiziqqan yoshlarga alohida e’tibor qaratildi. “Kelajakka qadam” dasturi doirasida imtiyozli kreditlar, biznes yuritish mexanizmlari va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Istiqbolli biznes g‘oyalar qabul qilinib, yoshlarning tashabbuslarini amalga oshirish yuzasidan maslahatlar berildi.
[gallery-29342]
“O‘zmilliybank” AJ tomonidan zamonaviy bank xizmatlari va moliyaviy mahsulotlar taqdimoti o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yoshlarga biznesni boshlash, loyihalarni moliyalashtirish hamda kredit olish tartiblari bo‘yicha tushunchalar berildi.
– Hozirda qulupnayni gidroponika usulida yetishtirishga qaratilgan innovatsion startap loyihamizni taqdim etmoqdamiz, – deydi QarDUning birinchi bosqich talabasi Murodjon Karimov. – Ushbu usul orqali besh oydan buyon qulupnay yetishtiryapmiz. Ayni paytda bir qatordan o‘rtacha 2 kilogramm hosil olinmoqda. Gidroponika usuli an’anaviy usulga nisbatan ancha tejamkor bo‘lib, kam xarajat evaziga yuqori hosil olish imkonini beradi. Loyiha doirasida uzunligi 3 metr, diametri 10 santimetr bo‘lgan 6 ta quvurdan iborat maxsus tizim ishlab chiqildi. Bu orqali 60-80 kilogrammgacha hosil olish imkoniyati yaratilmoqda. Hozirda loyiha sinov bosqichida.
Tadbirning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, ishtirokchilar uchun “Talaba – kelajak” muloqot maydonchalari tashkil qilinib, bandlik va ijtimoiy himoya xizmatlari, kasbiy yo‘naltirish va huquqiy maslahatlar ko‘rsatildi. Ayrim talabalar xususiy korxonalarga tashrif buyurib, ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Bu esa nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Keng qamrovli yarmarkada 141 nafar ish beruvchi tadbirkor ishtirok etdi. Unda 8 ming 560 nafar talaba qatnashib, 3 ming 412 ta ariza qabul qilindi. 2 ming 109 nafar talaba ish beruvchilar bilan suhbatdan o‘tgan bo‘lsa, 395 nafar ishtirokchining kelgusidagi ish joyi aniqlashtirildi. Shuningdek, 94 nafar yosh tadbirkorlik yo‘nalishiga yo‘naltirildi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, bunday tadbirlar yoshlarning mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi, ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishi hamda o‘z g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishi uchun muhim imkoniyat yaratadi. Eng muhimi, bu kabi amaliy maydonlar yoshlarning ertangi kunga ishonchini mustahkamlab, ularni faol va tashabbuskor bo‘lishga undaydi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari