“Yangi O‘zbekiston” bog‘ida “Yangi Nafas” umummilliy harakati doirasida tashkil etilgan keng ko‘lamli sport tadbiri – “Talaba Yugur” talabalar ommaviy yugurish musobaqasining yakuniy bosqichi o‘tkazildi.
“Talaba Yugur” — Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasining hamkorligida amalga oshirilgan keng ko‘lamli loyihadir. Uning maqsadi talabalar orasida jismoniy faollikni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish hamda sport va ta’limni yoshlarning barkamol va har tomonlama rivojlanishining eng muhim tarkibiy qismlari sifatida birlashtirishga qaratilgan.

2024 yil oktyabr oyidan boshlab loyiha doirasida hududlardagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari ishtirokida 14 ta talabalar ommaviy yugurish musobaqalari o‘tkazildi. “Talaba Yugur” talabalar ommaviy yugurish musobaqasi Nukus shahridan boshlanib, poytaxtda o‘tkazilgan ommaviy yugurish musobaqasi bilan yakunlandi.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, kelgusida “Talaba Yugur” sportchi va talabalarni birlashtiruvchi an’anaviy tadbirlar turkumi sifatida har yili kuz-bahor mavsumida o‘tkaziladi.

– “Yangi Nafas” keng ko‘lamli sport harakati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan “Talaba Yugur” kabi yirik loyihalarga asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Bugungi kunda asosiy idoralar sport va jismoniy tarbiya har bir inson hayotining ajralmas qismi bo‘lishi kerakligini tobora ko‘proq tushunib yetmoqda. Yoshlarda faol va sog‘lom turmush tarzini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratish muhimdir, – deydi O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi bosh kotibi Kamolliddin Ro‘zimuhammedov.
“Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi ommaviy yugurish musobaqasining yakuniy bosqichida Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan 3 mingga yaqin talaba hamda 300 ga yaqin havaskor yuguruvchi ishtirok etdi. Ishtirokchilar poytaxt va Toshkent viloyatini ramziy tarzda birlashtiruvchi bog‘ning go‘zal hududlari bo‘ylab 3 kilometrlik masofani bosib o‘tdilar.

“Talaba Yugur” hududiy musobaqalari g‘oliblari 2 million so‘mdan 5 million so‘mgacha pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Bundan tashqari, oliy o‘quv yurtlari jamg‘armalari sovrindorlar uchun egallagan o‘rinlariga qarab ikki oydan olti oygacha to‘lanadigan stipendiya ustamalarini nazarda tutgan. Eng kuchli yuguruvchilar nafaqat oliy o‘quv yurti doirasida, balki har bir kurs bo‘yicha alohida aniqlanib, taqdirlanadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA