Talaba-yoshlar saylovda faol ishtirok etadi
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialida milliy saylov qonunchiligimiz va joriy yilning 24-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayonlariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasi raisi S.Sattarov va Markaziy saylov komissiyasi a’zosi M.Qodirova talaba-yoshlarga vohada muhim siyosiy jarayonga har taraflama puxta hozirlik ko‘rilayotgani haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Joriy yilgi saylovning o‘ziga xos xususiyatlari, okrug hududida tashkil etilgan 860 ta saylov uchastkasida Saylov kodeksiga muvofiq olib borilayotgan ishlar, mamlakatimizda belgilangan karantin qoidalariga rioya etish uchun yaratilayotgan sharoitlar xususida fikr almashdi. Viloyatda muhim jarayonni ochiq, oshkora va umume’tirof etilgan mezonlar asosida o‘tkazish uchun barcha sharoit yaratilayotgani qayd etildi.
–Bo‘lajak saylov mening hayotimda muhim iz qoldiradi, – deydi Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali talabasi O‘rol Tojiyev.¬ – Chunki bu jarayonda men ham faol ishtirok etib, mamlakatimiz kelajagi, tinch va farovon turmushimiz uchun ovoz beraman.

Ayni paytda transport inshootlari eksplutatsiyasi yo‘nalishida o‘qib, soha sirlarini qunt bilan egallayapman. bugungi uchrashuvda milliy saylov qonunchiligimiz hamda saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq jarayon haqida ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldim.
Joriy yilda tashkil etilganiga besh yil bo‘layotgan mazkur ta’lim muassasasida 4 ming 298 nafar yigit-qiz o‘zlari tanlagan kasb sirlarini chuqur o‘rganmoqda.

Ularning 1 ming 31 nafari shu yil talabalikka qabul qilingan yoshlardir. Bo‘lajak saylovda 600 nafar talaba ilk marta ovoz beradi.
Uchrashuvda talaba-yoshlar saylov jarayonlari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga ham atroflicha javob oldi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA