Talaba-yoshlar – kelajagimiz bunyodkorlari
17 noyabr – Xalqaro talabalar kuni O‘qishni bitirganimizga 17 yil bo‘libdi.
Talabalik davrini sog‘inib, kursdosh qizlar jam bo‘ldik. Diydor shirin, qadrdon davra, o‘zgarishlar... O‘qish davrini – talabalik baxtiga muyassar bo‘lgandan keyin oradan vaqt o‘tib bu baxtga erishish uchun qilgan harakatlarni, uyqusiz tunlarni sekin-asta unuta boshlaganimizni, o‘yinqaroqligimiz oqibati qanday yakun topganlarini, imtihon, "zachyot", "shpargalka", degan o‘tmishning "bosh og‘riq"larini xotirladik.
Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida 17 noyabr – Xalqaro talabalar kuni sifatida nishonlanadi. Insoniyat kelajagi haqida so‘z ketganda, so‘z aynan talaba-yoshlar xususida boradi. Bu bejizga emas, albatta. Ertaning egalari, insoniyatning qay yo‘ldan ketishi, qanday yutuqlarga erishishi aynan ularga bog‘liq. Axir ular jamiyatning ilmli qismi. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda yurtimizda 127 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat olib bormoqda. Ularda 2020/21-o‘quv yili holatiga ko‘ra 571,5 ming nafar talaba ta’lim olmoqda. Azmu shijoatli yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularga barcha sohalarda o‘z iqtidori va salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berilishi natijasida yoshlarning oliy ta’lim tizimida tahsil olish ko‘rsatkichi oshdi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 30 iyuldagi “Oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish istagidagi yoshlarning ta’lim olishi imkoniyatlari yanada kengaytirildi. Qaror bilan 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab respublikadagi barcha oliy ta’lim tashkilotlari bakalavriatining kunduzgi ta’lim shaklida hamda magistratura bosqichida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olish uchun ta’lim krediti ajratishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA