Talaba-yoshlar ijodi doimiy e’tiborda
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida Mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan talaba-yoshlar o‘rtasida tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston mening nigohimda” hamda “Biz, yoshlar COVID-19ga qarshimiz” nomli ko‘rik-tanlovlarining g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida mazkur tanlovlarda ishtirok etgan ijodiy asarlarni o‘zida jamlagan ko‘rgazma tashkil etildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinov, mazkur institut rektori Nodirbek Sayfullayev ijodkor yoshlar ongida Vatanimizdagi islohotlarga daxldorlik tuyg‘ularini shakllantirish va iste’dodli talaba-yoshlarni kashf etish masalasi ustuvor ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Institutda an’anaga aylangan bu kabi tanlovlar keyin ham izchil davom etishi muhimdir. Zero, ular yangi nomlar, yangi g‘oyalarni kashf etishda, o‘z navbatida, yoshlar ham o‘z takliflari va g‘oyalari bilan ustozlarga doimiy murojaat etib borishi, qiziqarli ijodiy tashabbuslarni ilgari surishi muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur tanlovlar talaba-yoshlarda katta qiziqish bilan kutib olindi. Unga 150 dan ortiq ijodiy ish taqdim etildi.
“Yangi O‘zbekiston mening nigohimda” nomli tanlovning asosiy maqsadi Vatanimizda kechayotgan shiddatli o‘zgarishlarni ijodiy ishlarda yorqin va ta’sirchan tarzda ifodalashdan iboratdir.

Tanlov “Eng yaxshi rangtasvir asari”, “Eng yaxshi haykaltaroshlik asari”, “Eng yaxshi grafika asari”, “Eng yaxshi miniatyura asari”, “Eng yaxshi kulolchilik asari”, “Eng yaxshi amaliy san’at asari”, “Eng yaxshi badiiy foto va kompyuter grafikasi ishi”, “Eng yaxshi dizayn ishi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkazildi. Har bir nominatsiya g‘oliblari pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
“Biz, yoshlar COVID-19ga qarshimiz” nomli tanlovda esa asosiy urg‘u jahon hamjamiyatini tashvishga solib kelayotgan hamda xalqaro va ijtimoiy aloqalarda ko‘plab cheklovlar o‘rnatilishiga sabab bo‘lgan koronavirus infeksiyasining keng tarqalishini oldini olish, xususan, uni oldini olishning eng samarali usuli vaksina olish ekanligini ifoda etish, barchani ogohlikka chaqirish hamda bu virusga qarshi kurashda matonat ko‘rsatgan tibbiyot xodimlarining mashaqqatli mehnatlarini e’tirof etishga qaratilgandir. Ushbu tanlovga talaba-yoshlar tomonidan turli xil usul va shakllardagi ko‘plab ijod namunalari taqdim etildi.
Ushbu tanlovda ishtirok etgan ijodiy ishlar umumiy tarzda baholandi hamda birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlar va yana uchta rag‘batlantiruvchi mukofor sohiblari aniqlanib, pul mukofotlari va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Shuningdek, tadbir doirasida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan muntazam o‘tkazilib kelinayotgan “Yil talabasi – 2021” ko‘rik-tanlovining institut bosqichida to‘rtta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritib, keying bosqichga yo‘llanma olgan talaba-yoshlarga ham diplom va pul mukofotlari topshirildi.
– Bugun men uchun juda ham quvonchli kun, – dedi “Yangi O‘zbekiston mening nigohimda” tanlovining “Eng yaxshi haykaltaroshlik asari” nominatsiyasi g‘olibi Alisher Boqiyev. – Sababi, raqobat yuqori bo‘lgan mazkur tanlov g‘olibiga aylandim. Prezidentimiz tomonidan yoshlarga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasini har qadamda his qilmoqdamiz. Ayniqsa, ijodkorlarga o‘z iste’dodini namoyon qilishi, jahon va o‘zbek san’ati yangiliklaridan xabardor bo‘lishi uchun barcha imkoniyat yaratilgan. Bunday cheksiz mehrga munosib bo‘lish bizning burchimizdir.
Tanlov g‘olib va sovrindorlarining ijodiy ishlari institut tomonidan an’anaviy tarzda nashr etib kelinayotgan “Yosh ijodkorlar” katalogining navbatdagi sonidan o‘rin oladi.
N.Usmonova,
O‘zA