Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetida “Butunjahon yer kuni” munosabati bilan talaba yoshlar uchun bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
BMTning Atrof-muhit dasturi (YUNEP) tomonidan tayyorlangan “Global ekologik taraqqiyot” nomli kitobida keltirilgan ma’lumotga ko‘ra, Yer sharida 2 milliardga yaqin maydon degradatsiyaga uchragan.
Degradatsiya – yerning sho‘rlanishi, kimyoviy moddalardan zarar ko‘rib yaroqsiz ahvolga kelib qolishi. Umuman olganda, yerning ifloslanishi deb tushunish mumkin. Demak, xulosa qilish mumkinki, hozirgi va kelajak avlodni siyosiy, ijtimoiy va ekologik ehtiyojini qondirishda tabiat bilan Yer sayyorasi o‘rtasida odilona tenglikni saqlash lozim.
Tadbirda ona zaminni asrash, qishloq xo‘jaligi yerlarining unumdorligini oshirish bilan bog‘liq ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, tuproq unumdorligini saqlash, yil sayin muntazam oshirib borish qishloq xo‘jaligi mutaxassislari zimmasidagi muhim vazifa ekani qayd etildi.
Mazkur global harakatning asosiy maqsadi jamiyat va sayyoradagi har bir insonning e’tiborini Yer va uning atrof-muhiti muammolariga qaratishdan iborat bo‘lib, insoniyat oldida turgan qiyin vazifalar to‘g‘risida bilib olishga imkon beradi.
Ushbu tadbir har yili universitetda o‘tkazilishi an’anaga aylangan. 16-22-aprel kunlari “Bizning yer, bizning kelajak” shiori ostida talaba-yoshlar o‘rtasida tanlov tashkil qilindi.
Talaba-yoshlar fotosuratlar ko‘rgazmalari, “Yer umummilliy boylik” mavzusidagi intellektual o‘yin, “Yer – bizning yagona uyimiz” mavzusidagi videofilmlar orqali tanlovlarda faol ishtirok etdi.
Mazkur tadbirni o‘tkazishdan maqsad ham keng jamoatchilikning, xususan, yoshlarning e’tiborini yer resurslarini barqaror boshqarish va ulardan oqilona foydalanish, yerni muhofaza qilish bilan bog‘liq dolzarb muammolar hamda yer resurslarini saqlash borasidagi islohotlarga qaratilgan.
Mazkur tadbir doirasida Kadastr agentligi va uning tasarrufidagi korxona, tashkilotlar tomonidan talaba va magistrantlar uchun “Karera kuni” ham tashkil qilindi.
Unda iqtidorli, tashabbuskor talabalarning ko‘rgazmalari namoyish etildi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA