Talaba Toshkentdan Gulistongacha yugurib bordi
Farg‘ona viloyatining Quva tumanida tug‘ilgan havaskor sportchi Toshkent shahridagi Amir Temur xiyobonidan Guliston shahridagi Yurt bayrog‘i maydonigacha bo‘lgan 125 kilometr masofani o‘rta tezlikda yugurib, 14 soatda bosib o‘tdi.
–Bundan ko‘zlangan maqsad sport-sog‘lomlashtirish mashqlarining inson salomatligi uchun foydali tomonlarini targ‘ib qilishdir. Bu borada oldimga qo‘ygan maqsadga erishdim, deya o‘ylayman,–deydi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining 3-bosqich talabasi G‘iyosjon Erkaboyev.–Chunki, o‘rta tezlikda uzoq masofaga yugurishni ko‘pdan orzu qilardim. Bugun orzuim ro‘yobga chiqdi. Eng quvonarlisi, bu boradagi tashabbusimni Sirdaryo viloyat sport boshqarmasi rahbariyati qo‘llab-quvvatladi.

Havaskor sportchi har o‘n kilometrda nafas rostlab, ushbu masofani 14 soatda bosib o‘tdi. Tasodifni qarang, u yetib kelgan vaqtda Guliston shahridagi Yurt bayrog‘i maydonida "Parij-24" Paralimpiadasi ishtirokchisi, para o‘q otish dasturiga binoan 50 metr masofaga to‘pponchadan o‘q otish bo‘yicha kumush medal sovrindori, «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi» faxriy unvoni sohibi Server Ibragimov va uning murabbiyi Akmal Sobirovni tantanali kutib olish tadbiri bo‘layotgandi. Unda ishtirok etayotgan Sirdaryo viloyati hokimi Paralimpiada sovrindori qatori yosh havaskor sportchini ham kutib olib, uni erishgan yutug‘i bilan qutladi.

–Oldimga bundanda katta maqsadlarni qo‘yganman. Hozircha Toshkentdan Sirdaryo viloyati markazi –Guliston shahri markazigacha bo‘lgan masofani o‘rtacha tezlikda bosib o‘tgan bo‘lsam, kelgusida Toshkentdan Farg‘onagacha, Farg‘onadan Samarqand va Buxorogacha bo‘lgan masofalarni ham bosib o‘tmoqchiman. Bunga birozgina hafsala, muxlislarning qo‘llovi zarur. Bu esa menga katta kuch-quvvat beradi,–deydi farg‘onalik sportchi.
G‘ulom Primov,Sh. Ortiqboyev(surat),
O‘zA muxbirlari