Takomillaştirilgan alifbo savodxonlik va raqamli taraqqiyotga xizmat qiladi
Til millatning xotirasi, yozuv esa ana şu xotiraning amaldagi şaklidir. Har qanday alifbo faqat harflar yiğindisidan iborat emas. Unda millatning öziga xosligi mujassamlanadi. Jamiyatning savodxonligi, davlat idoralarining iş yuritişi, taʼlim, matbuot, kitobat, axborot texnologiyalari va elektron hujjat aylanişining qay darajada qulay va aniq işlaşiga taʼsir körsatadi. Şu maʼnoda lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosining takomillaştirilişi oddiy grafik özgariş sifatida emas, balki tilimizda yillar davomida töplanib turgan muammolarni bartaraf etişga qaratilgan muhim amaliy jarayon sifatida baholanişi kerak.
Korxona va taşkilotlarning davlat tili töğrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilişi tahlili şuni körsatadiki, minglab hujjatlardagi imloviy va texnik xatolarning sezilarli qismi aynan ö va ğ harflarini yoziş bilan boğliq. Bu eʼtiborsiz kiçik muammo bölib tuyulişi mumkin. Biroq davlat idoralarida har kuni yuzlab, yil davomida esa minglab hujjatlar tayyorlanişi hisobga olinsa, bitta belgining grafik jihatdan noqulayligi ham katta kölamdagi xatolar manbaiga aylanişi mumkin.
Amaldagi yozuv amaliyotida ö va ğ harflarini yozişda foydalanuvçilar bir xil belgidan foydalanmaydi. Kimdir oddiy apostrofni, kimdir egri tirnoqqa öxşaş belgini, yana kimdir matn muharriridagi avtomatik almaştiriş natijasida boşqa Unicode belgisini qöllaydi. Köz bilan qaraganda oʻ, o', o’ yoki gʻ, g', g’ şakllari deyarli bir xil körinadi. Kompyuter tizimi uçun esa ular har doim ham bir xil belgi emas. Natijada bir xil söz turli hujjatlarda turliça böladi.
Muammoning ilmiy-texnik mohiyati ham aynan şunda. Unicode xalqaro standartda oddiy apostrof, tipografik apostrof va harf tarkibida işlatiladigan apostrofsimon belgilar alohida kodlar sifatida mavjud. Yaʼni inson közi uçun bir-biriga juda yaqin köringan belgilar axborot tizimi nuqtai nazaridan boşqa-boşqa birlik bölişi mumkin. Bu holat elektron qidiruv, maʼlumotlarni saralaş, avtomatik imlo tekşiruvi, maʼlumotlar bazasi bilan işlaş va matnlarni turli dasturlar orasida köçirişda noqulaylik tuğdiradi.
Rasmiy hujjatlarda buning amaliy körinişi juda oddiy: “to‘g‘risida” sözi bir hujjatda töğri yozilişi, ikkinçisida “to'g'risida”, uçinçisida “to’g’risida”, törtinçisida esa ikki xil apostrofsimon belgi aralaş qöllanişi mumkin. Odam bu şakllarning barçasini bir söz sifatida öqiydi. Elektron tizim esa ayrim vaziyatlarda ularni turli belgilar ketma-ketligi sifatida qabul qiladi.
Bu yerda bir narsani ilmiy jihatdan aniq ajratib oliş lozim: gap özbek tilidagi haqiqiy tutuq belgisini butunlay yöqotiş haqida emas. Tutuq belgisi maʼno, taʼlim, eʼtibor, masʼul, sanʼat singari sözlarda öz fonetik va imloviy vazifasini bajaradi. Muammo ö va ğ harflarini hosil qilişda yana bir apostrofsimon belgidan foydalanişga majbur bölib kelganimiz bilan boğliq. Takomillaştirilgan alifboda Ö va Ğ kabi mustaqil grafik şakllarning qöllanişi aynan şu funksional çalkaşlikni kamaytiradi.
Bunda asosiy yutuq şundaki, harf va tiniş belgisi vazifalari aniqroq ajraladi. O + apostrof şaklida tuziladigan murakkab grafik kombinatsiya örniga Ö, G + apostrof örniga Ğ yoziladi. Demak, foydalanuvçi endi bitta tovuşni ifodalaş uçun ikki belgini birlaştirişga majbur bölmaydi. Bu bir qaraşda faqat grafik qulaylikdek tuyuladi, ammo, savodxonlik va raqamli standartlaştiriş nuqtai nazaridan katta ahamiyatga ega.
Alifboning eng muhim talablaridan biri grafik birliklarning barqarorligi va bir maʼnoliligidir. Harfni yozişda ortiqça texnik harakatlar qança kam bölsa, xato ehtimoli ham şunça pasayadi. Bu, ayniqsa, davlat idoralarida, maktab va oliy taʼlim tizimida, matbuot va naşriyotda, elektron hukumat platformalarida hamda sunʼiy intellekt bilan işlaydigan matn tizimlarida muhimdir.
Takomillaştirilgan alifbo savodxonlikka ham xizmat qiladi. Öquvçi bir tovuşni yoziş uçun “qaysi apostrofni qöyaman?” degan texnik savol bilan çalğimasligi kerak. U alifbodagi harfni qanday bölsa, şunday özlaştiradi. Mustaqil grafik belgining mavjudligi öqiş va yoziş jarayonida barqaror könikma şakllanişiga yordam beradi. Şuningdek, rasmiy hujjat tayyorlaydigan xodim uçun ham yozuv meʼyorining aniq va yagona bölişi juda muhim.
Kuzatuvlardan maʼlumki, hujjatlardagi muammo faqat xodimning savodxonligi bilangina boğliq emas. Baʼzan kerakli belgi klaviaturada qulay topilmaydi, baʼzan matn muharriri uni avtomatik ravişda boşqa belgiga aylantiradi, baʼzan esa Telegram, elektron poçta yoki boşqa dasturdan köçirilgan matnda boşqa koddagi apostrof işlatiladi. Yoki matn teriş harakatlarni olaylik, ayrim matn muharrirlarida kerakli şaklni çiqariş uçun foydalanuvçi o yoki g harfidan keyin avval böşliqni bosadi, söng apostrofsimon belgini qöyadi. Keyin kursorni bir qadam ortga qaytarib, oradagi böş joyni öçiradi, umuman olganda uç marta ortiqça klaviatura bosiladi. «Töğrisida» sözining özida şu amalni olti marta bajarişga töğri keladi. Natijada bir sahifaning özida bir xil harf bir neça xil şaklda uçraşi mumkin. Demak, muammoning bir qismi yozuv tizimining texnik noqulayligi bilan ham boğliq.
Davlat tilida iş yuritiş madaniyatida “deyarli bir xil” degan tuşunça bölmasligi kerak. Bir xil söz, bir xil yozilişi lozim. Ayniqsa, hujjatning huquqiy aniqligi, elektron qidiruv imkoniyati, arxivlaş, raqamli maʼlumotlar bazasi va avtomatik tahlil tizimlari uçun bu talab yanada muhim. Takomillaştirilgan alifbo aynan mana şu birxillikni kuçaytiradi.
Albatta, har qanday alifbo özgarişi bosqiçma-bosqiç va ilmiy asoslangan holda amalga oşirilişi zarur. Yangi grafik şakllarni taʼlim tizimiga kiritiş, klaviatura va şriftlarda töliq qöllab-quvvatlaş, davlat axborot tizimlarini moslaştiriş, imlo luğatlari va uslubiy qöllanmalarni yangilaş, aholiga tuşuntiriş işlarini olib boriş muhim. Şunda alifbo islohoti qoğozdagi özgariş bölib qolmay, haqiqiy amaliy natija beradi.
Şuningdek, takomillaştirilgan alifboga ötiş mavjud hujjatlarni bir kunda almaştiriş degani emas. Bunday jarayon tabiiy ravişda bosqiçma-bosqiç keçadi. Muhimi, yangi hujjatlar, taʼlim materiallari, axborot tizimlari va ommaviy kommunikatsiyada yagona meʼyorning izçil şakllanişidir. Til islohoti odamga ortiqça ovoragarçilik yaratmasligi, aksinça, uning yozuvdan foydalanişini yengillaştirişi kerak.
Yillar davomida rasmiy hujjatlarni kuzatgan mutaxassis sifatida şunday xulosani aytişim mumkinki, özbek lotin yozuvidagi eng köp uçraydigan texnik-imloviy muammolardan biri ö va ğ harflaridagi belgining bir xilda qöllanmasligi bilan boğliq edi. Bu muammoni faqat “töğri yozing” degan talab bilan töliq hal etib bölmaydi. Yozuv tizimining özi ham foydalanuvçiga qulay va xatoga imkon qadar kam sabab böladigan darajada mukammal bölişi kerak.
Şu maʼnoda takomillaştirilgan lotin alifbosi bizga “tutuq belgisi tutqunligi”dan qutuliş imkonini beradi. Bu şunçaki yangi harflar emas. Bu - yozuvning aniqroq bölişi, rasmiy hujjatlarning birxilligi, elektron tizimlarning barqaror işlaşi, maktab öquvçisining kamroq çalkaşişi, davlat tilining raqamli makonda yanada mustahkam örin egallaşi demakdir.
Alifbo mukammal bölsa, uni işlatgan odam kamroq xato qiladi. Yozuv aniq bölsa, hujjatdagi tuşunça ham aniq böladi. Davlat tilining nufuzi ortadi. Takomillaştirilgan özbek alifbosining eng katta qadri ham, bizning nazarimizda, aynan şunda: u tilimizni zamonaviy axborot makoniga moslaştiriş bilan birga, savodxonlik va yozuv madaniyatini yangi bosqiçga olib çiqiş imkonini beradi.
Aʼzamjon Hamraqulov,
Andijon viloyati hokimining maʼnaviyat va davlat tili
masalalari böyiça maslahatçisi.
ÖzA