Tajribasi oshgan fermerning daromadi ham oshadi
Yurtimizning meva-sabzavotchilik tarmog‘i katta salohiyatga ega. Eng muhimi, keyingi yillarda bu sohada nafaqat mahsulot yetishtirish, balki uni saralash, qadoqlash, qayta ishlash va eksport qilish borasida ham sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 22 dekabrdagi “Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida islohotlarni tadqiq qilish, strategik rejalashtirish hamda boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2018 yil 16 oktyabrdagi “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Meva-sabzavotchilik sohasida qo‘shilgan qiymat yaratish zanjirini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari sohani rivojlantirishning huquqiy zamini bo‘lib xizmat qilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi xodimlarining Surxondaryo viloyatidagi o‘rganishlari ham buni tasdiqlaydi.
Ta’kidlash joizki, Surxondaryo viloyati bo‘yicha 2017-2021 yillar davomida xalqaro moliya institutlari, xususan, Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan jami 39 million 126 ming AQSH dollariga teng 36 ta loyihani amalga oshirish uchun qariyb 23 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratilgan.
Agar loyihalar tarkibi bilan qiziqadigan bo‘lsak, ular orasida mahsulotlarni qayta ishlashdan tortib zamonaviy issiqxonagacha, muzlatkich-omborxonadan ilg‘or qishloq xo‘jaligi texnikalarigacha nazarda tutilgan. Jumladan, Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan 22 million 972 ming AQSH dollari hisobiga barpo etilgan 6 ta qayta ishlash korxonasi yiliga jami 25 ming tonna (13,2 mln dollarlik) mahsulotni qayta ishlash quvvatiga ega.

Darvoqe, hisobli do‘st ayrilmas, deydilar. Loyihalar o‘z vaqtida moliyaviy qo‘llab-quvvatlangan ekan, kredit mablag‘larining so‘ndirilish holati qanday? Aniqlanishicha, kredit mablag‘larini qaytarish grafigi bo‘yicha to‘lov muddatlari 36 oydan 84 oygacha tasdiqlangan, tashabbuskor tadbirkorlar bu boradagi mas’uliyatni chuqur his etgan holda mazkur muddatlarga rioya qilishmoqda.
Oltinsoy tumanidagi “BEST-VEG” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 4 million 991,6 ming AQSH dollariga teng loyihani amalga oshirish maqsadida 2019 yilda Osiyo taraqqiyot banki mablag‘laridan 3 million 493,6 ming AQSH dollari miqdorida kredit ajratilgan. Hozirgi kunda ushbu korxona yiliga 20 ming tonna ko‘kat, gulkaram, piyoz va shu kabi mahsulotlarni qayta ishlash, 1000 tonna quritilgan va zamonaviy qadoqlangan ziravor va boshqa turdagi meva-sabzavot mahsulotlarini AQSH, Rossiya va Yevropaning turli davlatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilish yo‘li bilan 2 million AQSH dollarigacha miqdorda daromad topmoqda. Korxonada 76 kishi doimiy ish bilan band, bundan tashqari, 100–200 nafargacha mavsumiy ishchilar jalb qilinadi.
Denovlik A.Mamatqulov ham tadbirkorlik faoliyati uchun berilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan tashabbuskor yurtdoshlarimizdan biri. Uning rahbarligidagi “DENOV SANOAT EXPORT” xususiy korxonasida Osiyo taraqqiyot bankining 90 ming AQSH dollari evaziga 1 gektar issiqxona barpo etilgan bo‘lib, limon, bulg‘or qalampiri va pomidor yetishtirmoqda. O‘tgan yili yetishtirilgan 50 tonna mahsulotning 20 tonnasi tashqi bozorda, qolgani ichki bozorda xaridorlarga yetkazilgan. Tadbirkor 400 million so‘m daromad, 50 million so‘m sof foyda ko‘rgan. Bu yerda 3 ta doimiy, 60-70 nafar mavsumiy ish o‘rni yaratilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, bog‘u-rog‘larni gullatib-yashnatayotgan va xalqaro moliya institutlarining mablag‘laridan o‘z o‘rnida foydalanayotgan fermer va tadbirkorlarimizning kundan-kunga tajribasi ham, daromadi ham oshib bormoqda.
N.Rahmonova, O‘zA