Tailanddan kelayotgan 34 kilogramm giyohvandlik vositasi ushlandi
Toshkent xalqaro aeroportida 34,58 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalari musodara qilindi.
Bojxona organlari tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar natijasida navbatdagi yirik kontrabanda holati fosh etildi.
Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tezkor bo‘linmalari hamda “Toshkent xalqaro aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazgan ko‘p bosqichli tezkor tadbirlar davomida Tailanddan turli xalqaro aviareyslar orqali giyohvandlik vositalarini O‘zbekiston hududiga olib kirishga uringan transmilliy jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

Joriy yilning iyun–iyul oylarida amalga oshirilgan tezkor tadbirlar natijasida o‘zaro bog‘liq bo‘lgan 4 ta noqonuniy urinish aniqlanib, bartaraf etildi. Aniqlanishicha, jinoiy sxema ishtirokchilari bojxona nazoratidan chetlab o‘tish maqsadida xorijiy davlatlar fuqarolaridan, jumladan O‘zbekistonga birinchi marta tashrif buyurayotgan shaxslardan foydalangan. Shuningdek, bir nechta davlatlar hududi orqali o‘tuvchi murakkab aviamarshrutlar tanlangan.

Qonunbuzarlar giyohvandlik vositalarini yashirish uchun turli usullardan foydalangan. Xususan, narkotik moddalar quruq sut, oziq-ovqat mahsulotlari, shokolad pastasi, shampun, ketchup hamda turli ziravorlar qadoqlariga yashirilgan holda olib kirishga harakat qilingan.
Tezkor tadbirlar davomida jami 34,58 kilogramm giyohvandlik vositasi, shu jumladan 11,62 kilogramm “mefedron” va 22,96 kilogramm “gashish moyi” ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi. Shuningdek, mazkur jinoiy faoliyat doirasida giyohvandlik vositalarini qabul qilib olish va keyinchalik tarqatishni rejalashtirgan shaxs ham qo‘lga olindi.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Bojxona organlari tomonidan giyohvandlik vositalarining mamlakatimiz hududiga noqonuniy kirib kelishining oldini olish, xalqaro jinoiy tarmoqlarga qarshi kurashish va jamiyat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishidagi tezkor-profilaktik tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA