Tailand samolyotda poverbankdan foydalanishni taqiqladi
Samolyotda poverbankning qizib ketish holati ko‘paygani sababli, Tailand aviatsiyasi parvoz paytida undan foydalanishni qat’iyan taqiqladi. Bu qoida yo‘lovchilar uchun nimani anglatadi?
Tailand Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi (CAAT) parvoz xavfsizligini ta’minlash maqsadida samolyot bortida poverbankdan foydalanish qoidasini keskin kuchaytirdi. Yangi tartibga ko‘ra, yo‘lovchilarga parvoz paytida telefon yoki boshqa qurilmalarni poverbank orqali quvvatlash, shuningdek poverbankning o‘zini quvvatlash qat’iyan taqiqlanadi. Ushbu qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkaziladigan yuk (bagaj) ichiga joylashtirish mumkin emas, faqat qo‘l yukida olib yurishga ruxsat beriladi.
Bunda har bir yo‘lovchi o‘zi bilan quvvati 100 Vt/soatdan oshmaydigan ko‘pi bilan ikkita batareya olib o‘tishi mumkin. Agar qurilma quvvati 100 dan 160 Vt/soatgacha bo‘lsa, uni olib chiqish uchun aviakompaniyaning maxsus ruxsati talab etiladi. Yangi qoidaga asosan, poverbanklarni tepa bagaj javonida saqlash taqiqlanadi. Ular faqat oson yetib boriladigan joylarda, masalan, o‘rindiq cho‘ntagida yoki oyoq ostida bo‘lishi shart. “Bangkok Post” nashrining tushuntirishicha, bunday cheklovga so‘nggi paytda litiy-ionli batareyalarning qizib ketishi va samolyotda yong‘in chiqishi bilan bog‘liq ko‘plab noxush hodisalar sabab bo‘lgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA