Hamkorlarimiz sahifalarida O‘zbekiston
Birlashgan Arab amirliklari “WAM” axborot agentligi sahifalarida o‘zbekistonlik iqtidorli talabalar ishtirokidagi tanlovga bag‘ishlangan maqola nashr etildi. Muallif yozishicha, 93 universitetdan 5000 nafar talaba ikki bosqichda BAA va O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun eng yaxshi davlat xizmati ko‘rsatish bo‘yicha tanlov g‘olibligi uchun kurash olib borgan.
8 ta asosiy toifada ta’lim, sog‘liqni saqlash, atrof-muhit va toza energiya kabi muhim sohalarni qamrab olgan 100 dan ortiq sifatli ilova qatnashdi.
Musobaqada faxriy birinchi o‘rin O‘zbek tilidagi imloviy xatolarni tuzatish va navbatdagi so‘zlarni bashorat qilish xususiyatiga ega “Tahrirchi” o‘zbek muharriri ilovasiga nasib qildi.

Ikkinchi o‘ringa Ekologik toza kundalik ehtiyoj uchun sog‘lom muqobil taqdim etuvchi aqlli platforma - “Ekoportal” ilovasi loyiq topildi.
Uchinchi o‘rin “Lalu” (Onalar maktabi) - interaktiv usulda ona va bolaning homiladorlik davridagi va tug‘ruqdan keyingi salomatligi haqida ma’lumot beruvchi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi ilovaga topshirildi.
Toshkentda bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida O‘zbekiston Axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov, Birlashgan Arab Amirliklari hukumati huzuridagi davlat xizmati rahbari Muhammad bin Toli’a hamda BAAning O‘zbekistondagi elchisi doktor Said Matar Al-Qamziy, shuningdek, bir qator rasmiylar, ikki davlat hukumati qo‘shma guruhlari a’zolari ishtirok etdi.
G‘oliblarni taqdirlash marosimi doirasida Sherzod Shermatov Muhammad bin Toli’a boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi bilan uchrashib, strategik sheriklik munosabatining rivojlanish holatini muhokama qildi.

“Talabalar uchun eng yaxshi davlat xizmati uchun ariza” mukofoti joriy etilishi yoshlar va talabalar salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Ijodkor talabalarni davlat ishida rivojlanish g‘oyasini baham ko‘rishga undash, innovatsiya va raqamli transformatsiyani rag‘batlantirish hamda ikki davlatga xizmat qiluvchi yangi biznes modelini ishlab chiqishga qaratilgan hamkorlik imkoniyatini ko‘rib chiqish asosiy maqsadlardan biridir.
Sh.Shermatov BAA va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklikning amaliy natijasi bo‘lgan ushbu mukofot sohiblarini tabriklab, ularni o‘zlari va yanada yosh avlod uchun yorqin kelajak qurishga hissa qo‘shadigan g‘oya, tashabbus va loyihalar taqdim etish orqali muammolarga innovatsion yechim topish bo‘yicha davlat xizmatini loyihalashda ishtirokini kuchaytirishga chaqirdi.
O‘z navbatida, BAA delegatsiyasi rahbari amirlik rahbariyati ko‘rsatmasini bajarishda, davlat faoliyatini modernizatsiya qilishda muvaffaqiyatga erishish tarixi va ilg‘or tajribani o‘zlashtirish ko‘nikmasi bilan o‘rtoqlashish istagini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun “Eng yaxshi davlat xizmatlari uchun ariza” tanlovining ikkinchi bosqichida yosh iste’dodlar faol ishtirok etdi. Natijalar talabalarning yuqori ilmiy va texnologik saviyasi, davlat xizmatini loyihalash va taqdim etish bo‘yicha mahorati va qobiliyatini ochib berdi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA