TAHLIL VA TANQID: “Neftgazmontaj”da moliyaviy va tashkiliy intizom nega izdan chiqdi?
“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda tashkilot tarkibidagi “Neftgazmontaj” MCHJ faoliyati tanqidiy tahlil qilindi.
Unda korxonada ish jarayonlari zamon talablariga javob bermaydigan, eski usullarda va raqamlashtirishsiz olib borilayotgani ochiq qayd etildi.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, boshqaruvdagi kamchiliklar va manfaatlar to‘qnashuvi samaradorlikni keskin pasaytirgan. Qurilish ishlari 21,4 foizga qisqargan bo‘lsa, omborlardagi moddiy resurslar asossiz ravishda 129 foizga ortib ketgan. Eng jiddiy holatlardan biri esa ishchilarga noyabr oyidan buyon ish haqi to‘lanmaganidir.

Korxona salohiyatidan to‘liq foydalanilmagani natijasida ish hajmlari pasaygan, yuqori malakali kadrlar qo‘nimsizligi oshib ketgan. Texnik park ham deyarli izdan chiqqan: mavjud uskunalarning katta qismi nosoz yoki ishga yaroqsiz holatda. Ularni o‘z vaqtida ta’mirlash choralari ko‘rilmagani vaziyatni yanada og‘irlashtirgan.
Nazorat tizimlarining yo‘qligi, xususan, transport vositalarida GPS kuzatuvining joriy etilmagani resurslardan samarali foydalanishga to‘sqinlik qilgan. Shu bilan birga, foydalanilmayotgan ob’ektlar uchun ortiqcha xarajatlar qilinishi ham keskin tanqid qilindi.

Tahlil jarayonida kadrlar siyosatidagi jiddiy muammolar ham ochib berildi. Qarindosh-urug‘chilik holatlari kengayib, bu holat ish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgani qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida bir qator qat’iy qarorlar qabul qilindi. Ayrim mas’ul rahbarlar lavozimidan chetlatildi. Ishchilar oldidagi qarzdorlikni qisqa muddatda bartaraf etish vazifasi qo‘yildi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, korxonani moliyaviy jihatdan sog‘lomlashtirish, raqamli boshqaruvga o‘tish, xaridlar va hisob-kitob tizimini shaffoflashtirish bo‘yicha aniq choralar belgilab berildi. Samarasiz aktivlarni auksionga chiqarish va texnik bazani tiklash ham ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA