O‘zbekistonlik mehnat migrantlariga nisbatan davlatimiz tomonidan munosabat o‘zgarib, ular bilan muloqot o‘rnatildi hamda mehnat migratsiya jarayonlarni tartibga solish bo‘yicha bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, mehnat migratsiya jarayonlarini tartibga soluvchi yangi tizim joriy etildi.
Ushbu tizimni tashkil etishning asosiy omillaridan biri bo‘lib quyidagilar hisoblanadi, xususan, 2021 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra mamlakatimizda aholi soni 34 million 558 ming 913 kishi o‘tgan yilga nisbatan o‘sish 653,7 ming kishini yoki 1,9%ni tashkil etganligi hamda mehnatga layoqatli fuqarolarni ish bilan ta’minlash imkoniyatining cheklanganligi va buning natijasida xorijiy mamlakatlarning mehnat bozorlardagi bo‘sh ish o‘rinlariga tashkiliy tartibda ishga joylashtirish ehtiyoji vujudga kelayotganligidir.
Shuningdek, uzoq muddatli mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan o‘zbekistonlik fuqarolarga reintegratsiya dasturlar joriy etilganligi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 martdagi «Vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borish uchun respublika hududidan transport orqali chet elga jo‘nab ketish vaqtida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.
Ushbu qarorning 7-bandining 5-xat boshida «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ, «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK tomonidan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining elektron ma’lumotlar bazasida ro‘yxatdan o‘tgan, vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borish uchun jo‘nab ketayotgan fuqarolar uchun platskart va umumiy vagonlarga bo‘lgan temir yo‘l biletlarining narxini shuningdek ekonom klassdagi aviachiptalarga bo‘lgan narxlarga 20 foiz miqdorda chegirmalar berilish asosida chiptalar sotish belgilandi. Ushbu qarorni ijrosini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining hududiy filiallarida 14 ta ixtisoslashgan maxsus kassalar tashkil etildi.
2019 yilda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining hududiy filiallariga imtiyozli chiptalarni xarid qilish maqsadida 159428 nafar fuqarolar murojaat qilgan. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ixtisoslashgan kassalarida 131643 nafar mehnat migrantlarga, 95231 ta 72% aviachiptalar (ekonom klass), 36421 ta 28% temiryo‘l (platskart va umumiy vagonlar)ga chiptalar sotilgan [3].
Shuningdek, 2021 yilning 30 apreldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Fuqaro aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida" qarori qabul qilindi, ushbu qarorning 1-ilovasida “Uzbekistan Airways” AJda transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasi 6-bandining 3-kichik bandiga asosan, vaqtinchalik mehnat faoliyatni amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan fuqarolar uchun iqtisodiy (ekonom) klass aviachipta narxlariga 20 % miqdoridagi chegirmani bekor qilish belgilandi. Buning asosiy sabablaridan biri bo‘lib, “Uzbekistan Airways” AJning xarajatlar qismini optimallashtirish hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 15 sentyabrdagi «Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining 11 - bandiga muvofiq 2021 yil 1 yanvardan boshlab, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oila a’zosi sifatida e’tirof etilgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yo‘li bilan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqib ketayotgan shaxslarga mikroqarzlar xorijda ishga joylashish (shu jumladan, yo‘l haqini to‘lash va mehnat faoliyatiga ruxsat olish) bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun 10 million so‘mgacha miqdorda bir yil muddatga berilishi va mikroqarz foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin asosiy stavkaning 1,5 baravaridan ko‘p bo‘lmagan qismi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kompensatsiya qilinishi belgilandi.
Ushbu qarorning ijrosini ta’minlash maqsadida, 2020 yilning 31 dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq banki o‘rtasida «Tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yo‘li bilan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqib ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga mikroqarzlar berilishini ta’minlash bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum» hamda joriy yilning 11 yanvarida «Maqsadli kredit liniya ochish haqida bosh kelishuv» imzolandi.
O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqda-ki, 2021 yilning 16 - iyun holatiga ko‘ra, Xalq banki ATBning hududlardagi filiallari orqali tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yo‘li bilan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqib ketayotgan fuqarolarga o‘n million so‘mgacha mikroqarzlarni 45 nafar kishiga (uch yuz sakson besh million) 385 000 000 mln. so‘m ajratilgan.
Ushbu holat yuzasidan o‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ATB «Xalq banki»ning 10 000 000 (o‘n million ) so‘mlik mikroqarzlarni olish tartibi (O‘zbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat banki, Xalq banki Boshqaruvining 2021 yil 9 fevraldagi 16/15- sonli qaror bilan tasdiqlangan) bo‘lib, unga ko‘ra, qarz oluvchining va birgalikda qarz oluvchining pasport nusxalari (ta’minot sifatida uchinchi shaxsning kafilligi taqdim qilinganda pasport nusxasi) va faqatgina «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan fuqarolargina imtiyozli mikroqarzlar olish imkoniyati mavjud ekanligi fuqarolar tomonidan kafil va qo‘shimcha qarzdorni topishlarida muammolarga duch kelayotganliklari aniqlandi. Ya’ni doimiy ish joyiga va daromad manbaiga ega bo‘lmagan fuqarolar tomonidan kafil bo‘lish istagida bo‘lgan fuqarolarni topishlari qarz oluvchi uchun muammoli masalalardan biri bo‘lib hisoblanmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 4 avgustdagi «Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorning 4-ilovasi, 5-bandida barcha viloyatlardagi kam ta’minlangan oila a’zosi sifatida e’tirof etilgan fuqarolar bo‘yicha ma’lumotlar «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali 2021 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda «labor-migration» dasturiy majmuasini «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi bilan integratsiya qilish belgilangan bo‘lsa-da, hozirgi kunda Sirdaryo, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Jizzax va Buxoro viloyatlaridagi kam ta’minlangan fuqarolar to‘g‘risidagi ma’lumotlar integratsiya qilingan.
Shuningdek, joriy yilning 5 oylik Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va xorijiy ish beruvchilar ishtirokida qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalarida ishlash istagini bildirgan fuqarolar uchun 76 marotaba tanlovlar o‘tkazilgan. Tanlovlarda 18,6 ming fuqaro ishtirok etib, ulardan xorijga ishga yuborilganlar soni 17457 nafarni tashkil etdi. Shundan, (Rossiya-15150, Qozog‘iston-1795, Koreya-420, Litva-57, Saudiya Arabistoni-19, Turkiya-7, BAA-5, Bolgariya-4) nafar hisoblanadi.
Ishga joylashtirilganlarning 9746 tasi Rossiya Federatsiyasi Hukumati Operativ Shtabi ruxsati bilan yirik ish beruvchilar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, 7604 tasi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, 107 tasi xususiy bandlik agentliklari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi mehnat migrantlarining xorijdagi ish faoliyati sohalar bo‘yicha:
Rossiya Federatsiyasi (1.046.731 nafar) - qurilish, transport va logistika (fuqarolik/yuk tashish), qishloq xo‘jaligi, savdo, umumiy ovqatlanish, kommunal va maishiy xizmatlar;
Qozog‘iston (345.906 nafar) - qurilish, qishloq xo‘jaligi, Janubiy Koreya (36.085 nafar) - og‘ir va yengil sanoat, ishlab chiqarish;
Turkiya (73.354 nafar) va Birlashgan Arab Amirliklari (9.676 nafar)- savdo, umumiy ovqatlanish, xizmatlar, ijtimoiy ta’minot (yolg‘iz yashayotgan hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan keksa, nogiron va yosh bolalarga yakka tartibda qarash va parvarishlash);
AQSH (17.140 nafar), Yevropa mamlakatlari (12593 nafar), boshqa davlatlar (47.192 nafar)- sanoat, qurilish, savdo, umumiy ovqatlanish, transport va logistika, ijtimoiy ta’minot (yolg‘iz yashayotgan hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan keksa, nogiron va bolalarga yakka tartibda qarash va parvarishlash) sohalariga to‘g‘ri kelib, bandligi qurilish sohasida - 51,1 %, savdo va boshqa maishiy xizmat ishlarida – 10,0 %, sanoat korxonalarida - 9,0%, qishloq xo‘jaligida - 9,9 %, boshqa yo‘nalishlarda – 20,0% mehnat faoliyatini yuritishmoqda. Yuqoridagi ko‘rsatkichlarni inobatga olgan holda, hozirgi kunga qadar xorijda ishlash maqsadida jo‘nab ketayotgan fuqarolarga bor-yo‘g‘i bir nafariga o‘n million so‘mlik (10 000 000) mikroqarz berilganligini qanday izohlasa bo‘ladi?
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, fuqarolarimizga qo‘shimcha imkoniyatlarni taqdim etish maqsadida sug‘urta polislarini asosiy ta’minot turi sifatida kiritilishini maqsadga muvofiq deb, hisoblaymiz.
Ma’lumot uchun, «Kafolat sug‘urta kompaniyasi» AJ tomonidan quyidagi xizmat turlari joriy etilgan bo‘lib, unda:
-ishga joylashishga patent va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlar berilishini rad etilishini tavakkalchiligini sug‘urta qilish turi;
- xorijda ishga joylashish bo‘yicha transport xarajatlari va boshqa xarajatlarni to‘lash uchun berilgan kreditlarning qaytarilmasligi tavakkalchiligini sug‘urta qilish belgilangan;
Sug‘urta kompaniyasining kreditlash reglamentiga ko‘ra, sug‘urta xizmatidan foydalanuvchilar bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, rezidentlar va norezidentlar hisoblanadi. Sug‘urta davri, sug‘urta puli, sug‘urta mukofoti tomonlarning kelishuviga asosida belgilanishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Yuqoridagi ma’lumotlarga asosan, quyidagi takliflarni keltirib o‘tishni joiz deb hisoblaymiz.
Birinchidan, 2020 yilning 31 dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq banki o‘rtasida «Tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yo‘li bilan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqib ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga mikroqarzlar berilishini ta’minlash bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum» hamda joriy yilning 11 yanvarida «Maqsadli kredit liniya ochish haqida bosh kelishuv»ga o‘zgartish kiritish zarur. Unda fuqarolarimizga qo‘shimcha imkoniyatlarni taqdim etish maqsadida sug‘urta polislarini asosiy ta’minot turi sifatida kiritilishini maqsadga muvofiq deb, hisoblaymiz.
Ikkinchidan, fikrimizcha bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmasin, joylardagi mutasaddi rahbarlar va fuqarolarning ushbu farmon va qarorlar bo‘yicha xabardorlik darajasi va saviyasi yuqori bo‘lmas ekan, ijobiy natijaga erishish mumkin emas. Buning uchun birinchidan, mehnat migratsiyasi sohasiga bevosita aloqador bo‘lgan shaxslarni har yil bir marotaba ushbu sohaning yetakchi mutaxassislari va ilmiy tadqiqotchilar ishtirokida o‘quv kursini tashkil qilish, ikkinchidan, joylarda bir martalik aksiya sifatida mehnat migratsiyasiga oid ko‘rsatuvlarni tayyorlash emas, balki doimiy ravishda telekanallarda mehnat migratsiyasiga oid kamida haftada bir marotaba ko‘rsatuvlarni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Uchinchidan, barcha viloyatlardagi kam ta’minlangan oila a’zosi sifatida e’tirof etilgan fuqarolar bo‘yicha ma’lumotlarni «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida to‘liq shakllintirib, “labor-migration” dasturiy majmuaci tizimiga integratsiya qilish maqsadga muvofiq.
To‘rtinchidan, normativ-huquqiy hujjatlarni amaliyotga bevosita qo‘llash vazifasi yuklatilgan tashkilotlardagi xodimlarning huquqiy savodxonligi va joylarda amaliyotga qo‘llash ko‘nikmalarni hosil bo‘lganligi bo‘yicha baholash mezonlariga oid dasturlarni joriy etish muhim hisoblanadi.
Beshinchidan, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar doirasida tuziladigan kelishuvlar va bitimlar bo‘yicha mutasaddi rahbarlarning mehnat migratsiyasi bo‘yicha yuqori saviya va amaliy tajribaga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan shakllantirilishi maqsadga muvofiq.
Xulosa sifatida shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, mehnat migratsiyasiga oid mexanizmlar joriy etilgan bo‘lib, ularning samarali faoliyati fuqarolarimizni ortiqcha sarson-sargardonlikdan asrab, xorijda qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Saidaxmad ISHONXO‘JAEV,
Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va
parlament tadqiqotlari instituti yuridik fanlar nomzodi