Prezidentimizning 2022 yil 2 fevraldagi “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining 2023 yil dekabr oyida bo‘lgan kengaytirilgan yig‘ilishida yurtimizning barcha hududlarida teatrlar tomonidan konsert-tomosha tadbirlarini o‘tkazish, ijodiy jamoalar o‘rtasida hamkorlik qilish muhim vazifa sifatida belgilangan.

Qirq ikki yillik tajribaga ega bo‘lgan Buxoro viloyati qo‘g‘irchoq teatrining Namangan viloyatiga uyushtirgan safari ham ayni shu maqsad ijrosiga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Mazkur teatr 2021 yilda Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Navoiy asarlari va siymosi sahnada” respublika festivalida dramaturg Hayitmat Rasul asari asosidagi “Qush tili” spektakli bilan qatnashib, faxrli ikkinchi o‘rinni egallagan. Teatr jamoasi repertuaridan dramaturglardan Qandiyor Rustamovning “Jo‘jachalar bog‘chasi”, To‘lqin Muhiddinning “Svetofor”, Raim Farhodiyning “O‘tkir shoxli buqacha”, Munojot Ergashevaning “Yulduzlar nur sochganda”, Hayitmat Rasulning “Farhod jasorati” kabi asarlar o‘rin olgan. Qolaversa, jahon dramaturglari asarlari asosida sahnalashtirilgan ko‘plab asarlar ham bor.

Buxorolik ijodkorlar buyuk alloma va shoir Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan davlat buyurtmasi asosida sahnalashtirilgan “Farhod jasorati” spektaklini Namangan viloyati  qo‘g‘irchoq teatri sahnasida tomoshabinlarga havola etdi.

G‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni asosida Hayitmat Rasul inssenirovkasi bo‘lgan ushbu spektakl O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shamurat Yusupov tomonidan sahnalashtirilgan.  

Kutilmagan voqea va ziddiyatlar orqali Farhodning jasorati, mehnatkashligi va boshqa insoniy xislatlari unda keng ochib berilgan. Farhod muhabbatiga yetishi yo‘lida barcha mashaqqatlarni matonat bilan yengib, haqiqiy jasoratni ko‘rsatadi. Aktyorlar tarafidan Xoqon, Farishta, Farhod, Shirin, Suhaylo, Xusrav, Yosuman, Shopur, Ahriman kabi obrazlar mahoratli ijro orqali to‘laqonli aks ettirib berilgani tahsinga sazovor.  

Ko‘y-qo‘shiqlarga jo bo‘lgan asar hamda rassomlar tomonidan o‘zgacha ranglar bilan bezatilgan dekorativ yondashuvlar tomoshabinlar zavqiga yanada zavq qo‘shdi.  

– Teatrimiz repertuarida qirqdan ziyod asar bor. birgina o‘tgan yilning o‘zida “Dovyurak shahzoda”, “Bulbuligo‘yo”, “Qari bilganni pari bilmas”, “Ur, to‘qmoq” kabi yangi asarlarni jajji tomoshabinlarga tortiq etdik, – deydi Buxoro viloyati qo‘g‘irchoq teatri bosh ma’muri Murod Fatullayev. – Rejamizdan biri amalga oshib, vodiy sahnasida “Farhod jasorati” asarini taqdim qildik. Avvalo, bizning tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlagan barcha xayrixoh do‘stlarimizga, hokimliklarga minnatdorlik bildiramiz.  

– Asar juda chiroyli sahnalashtirilgan, ijro mahorati ham o‘zgacha. O‘zimizning viloyat musiqali drama teatridagi premeralarga ham ko‘p boramiz, – deydi Namangan davlat universiteti talabasi Nozima Ergasheva. – Bugungi taassurotlardan so‘ng o‘sha asarni yana qo‘limizga olib, qaytadan o‘qib chiqishni rejalashtirdik. Sahna asari san’at shaydolari, xususan biz yoshlarni tafakkurga chorlagani bilan yodimizda qoladi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tafakkurga chorlagan tomosha