Taekvondochilarimizning Osiyo chempionatidagi muvaffaqiyatlari
Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida taekvondo WT bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionati o‘z nihoyasiga yetdi. To‘rt kun davom etgan nufuzli musobaqada O‘zbekiston milliy terma jamoasi munosib ishtirok etib, umumjamoa hisobida kuchlilar qatorida musobaqani yakunladi.
Chempionatning so‘nggi kungi bahslarida ham yurtdoshlarimiz shohsupaga ko‘tarildi. Xususan, Madina Mirabzalova (-57 kg.), Diyorbek To‘xliboyev (-68 kg.) hamda Jasurbek Jaysunov (-80 kg.) finalga qadar yetib borib, kumush medallarga sazovor bo‘ldi.

Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi qit’a chempionatini jami 11 ta medal — 2 ta oltin, 5 ta kumush va 4 ta bronza bilan yakunladi. Quyida musobaqada medallarni qo‘lga kiritgan taekvondochilarimiz bilan tanishasiz:
Oltin medal sohiblari:
— Ozoda Sobirjonova (-67 kg.) — Svetlana Osipova (+73 kg.).
Kumush medal sohiblari:
— Madina Mirabzalova (-57 kg.) — Diyorbek To‘xliboyev (-68 kg) — Jasurbek Jaysunov (-80 kg.) — Yodgorbek Jo‘raboyev (-87 kg.) — Marat Mavlonov (+87 kg).
Bronza medal sohiblari:
— Jahongir Xudoyberdiyev (-54 kg.)— Omonjon Otajonov (-58 kg.) — Nazarali Nazarov (-63 kg.)— Najmiddin Qosimxo‘jayev (-74 kg).

Qayd etish joiz, mazkur natija O‘zbekiston taekvondo WT maktabida olib borilayotgan tizimli tayyorgarlik, yoshlar seleksiyasi hamda xalqaro tajribaning samarali yo‘lga qo‘yilganidan dalolat beradi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA