Taekvondochilarimiz muvaffaqiyati
Filippinda taekvondo (WTF) bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida terma jamoamiz a’zolari 1 oltin, 1 kumush va 2 bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Filippinda taekvondo (WTF) bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida terma jamoamiz a’zolari 1 oltin, 1 kumush va 2 bronza medalni qo‘lga kiritdi.Qit’amizning qirqdan ziyod davlatidan 200 dan ortiq sportchi ishtirok etgan Osiyo chempionatida tajribali sportchimiz Dmitriy Shokin oltin medalga sazovor bo‘ldi. Vazni 87 kilogrammdan og‘ir bo‘lgan taekvondochilar o‘rtasida qatnashgan Dmitriy finalda mezbonlar vakili Robert Kristoferni mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Vazni 74 kilogrammgacha bo‘lgan taekvondochilar o‘rtasida Nikita Rafalovich vetnamlik Tan Tuan Nguyenni va qozog‘istonlik Yerjan Abulkasni yengib, kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Yana bir tajribali sportchimiz Jasur Boyqo‘ziyev vazni 87 kilogrammgacha bo‘lgan taekvondochilar bahsida bronza medal bilan taqdirlandi.
Xotin-qizlar o‘rtasida iqtidorli taekvondochimiz Nigora Tursunqulova 67 kilogrammgacha vazn toifasida uchinchi o‘rinni egalladi.
N.Rafalovich va N.Tursunqulova yaqinda yakunlangan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etib, Olimpiadada qatnashish huquqini qo‘lga kiritgan edi.
Chempionat doirasida Osiyo taekvondo uyushmasining navbatdagi assambleyasi ham tashkil etildi. O‘zbekiston taekvondo (WTF) assotsiatsiyasidan ma’lum qilinishicha, assambleyada taekvondoning yangi qonun-qoidalari, 2015-yil yakunlari, qit’ada ushbu sport turining pumse yo‘nalishini yanada rivojlantirish, kelgusi yildan boshlab Osiyo ochiq chempionatini o‘tkazishga doir masalalar muhokama qilingan.
Osiyo taekvondo uyushmasi mamlakatimiz sport salohiyati, nufuzli sport anjumanlarini yuqori saviyada tashkil etish borasidagi boy tajriba va imkoniyatlarni inobatga olib, 2017-yilda o‘tkaziladigan I Osiyo ochiq chempionatiga mezbonlik qilish huquqini O‘zbekistonga topshirdi.