Germaniyaning Reyn-Rur hududidagi shaharlarda o‘tadigan XXXII Butunjahon yozgi Universiada o‘yinlarida vatanimiz sharafini himoya qiladigan tarkib e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, 16-27 iyul kunlari tashkil etiladigan yozgi Universiada o‘yinlarida 12 nafar talaba-taekvondochilarimiz o‘z vazn toifalarida g‘oliblik uchun kurash olib boradi.
O‘g‘il bolalar musobaqalarida Shamsiddin Qurbonov (58), Shohjahon Ahmedov (63), Umidjon Turobov (68), Najmiddin Qosimhojiyev (74), Shohjahon Karimboyev (87), Marat Mavlonov (+87) yakkalik va jamoaviy bahslarda qatnashsa, qizlar bahsida Zuhra Tojimatova (46), Dilnoza Tangirova (49), Laylo Zayniddinova (53), Madina Mirabzalova (57), Diyora Azizova (62) va Iroda Mirtojiyeva (+73) sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qiladi.

XXXII Butunjahon yozgi Universiada o‘yinlarining taekvondo bellashuvlari 17-23 iyul kunlari Essen shahridagi "Messe Essen" majmuasida tashkil etilishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, o‘yinlarda 150 taga yaqin davlatning 8 ming 500 nafardan ziyod sportchi-talabalari 18 ta sport turining 234 ta medallari uchun kurashadi.
Ertaga, 16 iyul kuni XXXII Butunjahon yozgi Universiada o‘yinlarining ochilish marosimi o‘tkaziladi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA