Tadbirkorning qarzdorligi hisobdan chiqarildi
Mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish ustuvor vazifadir.
Prezident huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni – Biznes-ombudsman xodimlari tomonidan ishbilarmonlar huquqlarini himoya qilinishini ta’minlash borasida muntazam chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Biznes-ombudsmanning Namangan viloyati sho‘’basida “N.W” mas’uliyati cheklangan jamiyatining Namangan shahar “Markaz” elektr ta’minoti korxonasi xodimlari tomonidan elektr tarmog‘i bo‘yicha 1 milliard 300 million so‘m miqdorda qarzdorlik belgilanib, elektr tarmog‘idan uzib qo‘yilayotganidan norozi bo‘lib yo‘llagan murojaati ko‘rib chiqildi.
– Tadbirkorning murojaatini ko‘rib chiqish jarayonida aniqlanishicha, “Hududiy elektr ta’minot” billing tizimiga jamiyatning hisoblagich ko‘rsatkichlari texnik xatolik sababli noto‘g‘ri kiritilganligi elektr iste’moli va to‘lovlarini hisobga olish bo‘yicha ichki dasturda 1,3 milliard so‘m asossiz qarzdorlik vujudga kelgan, – deydi Prezident huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni yetakchi inspektori Jaloliddin Rahimaliyev. – 2024-yil 31-mayda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energiyasidan foydalanish” qoidalarining 131-bandiga ko‘ra, arifmetik xatoliklar, tariflarni noto‘g‘ri qo‘llash natijasida paydo bo‘ladigan kam va ortiqcha to‘lovlar tegishli tarif bo‘yicha kVt soatlarda mazkur qoidalar asosida qayta hisoblanadi.
Biznes-ombudsman vakil devoni tomonidan Namangan shahar “Markaz” elektr ta’minoti korxonasi xulosa kiritilib, tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan hisoblangan asossiz qarzdorlik qayta hisob-kitob qilinishi tufayli hisobdan chiqarildi. Zero, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki to‘sqinlik qilishga aslo yo‘l qo‘yilmaydi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.