Tadbirkorning 1 milliard 255 million so‘m mablag‘i undirib berildi
Bugungi kunda adliya idoralari tadbirkor va fuqarolarning manfaatini himoya qilish maqsadida tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Yaqinda Navoiy viloyatining Konimex tumani adliya bo‘limi tomonidan tadbirkorning 1 milliard 255 million so‘m mablag‘i undirib berildi.
Konimexlik tadbirkor Muzaffar Baxranovning aytishicha, u tumandagi tibbiyot birlashmasi tashkiloti uchun qurilish va ta’mirlash ishlarini qonuniy tender asosida amalga oshirgan. Lekin bajarilgan xizmat uchun mablag‘ o‘z vaqtida to‘lab berilmagan. Bir yil davomida bormagan eshigi, maslahat qilmagan huquqshunosi qolmadi. Sudga beray desa, 25 million so‘mlik davlat boji to‘lashi kerak. Oxir-oqibat u tuman adliya bo‘limiga murojaat qildi.
– Murojaat yuzasidan tegishli tartibda o‘rganish ishlarini olib bordik, – deydi Konimex tumani adliya bo‘limi boshlig‘i Zafar Nasimov. – O‘rganish davrida to‘plangan hujjatlar asosida tadbirkorning huquqlarini himoya qilish maqsadida sudga da’vo arizasi kiritildi. Sud tomonidan murojaatda keltirilgan vajlar amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq ko‘rib chiqilib, da’vo ariza to‘lig‘icha qanoatlantirildi. Sudning hal qiluv qaroriga asosan Konimex tuman tibbiyot birlashmasidan tadbirkor foydasiga 1 milliard 255 million so‘mlik bajarilgan ishlar qiymatini undirish belgilandi.
Yana bir murojaat adliya idorasi aralashgach, ijobiy yechim topdi.
Konimexlik fuqaro Batis Tulebayeva shifokor. U 2017-2020 yillarda tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazida boshliq lavozimida ishlagan. Biroq mehnat haq to‘lashda rahbar shifokorlarga ustamalar mavjudligidan bexabar bo‘lgan. Yillar davomida oylik maoshiga ustama to‘lanmay kelganini bilgan fuqaro adliya bo‘limiga murojaat qildi. Adliya o‘z navbatida fuqaro huquqlarini himoya qilib, sudga da’vo arizasi kiritdi. Fuqaro Batis Tulebayevaga sud qarori bilan 26 million so‘m pul mablag‘lari undirib berildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri