Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
f a r m o n i
Mamlakatda tadbirkorlik faoliyatining to‘sqinliksiz amalga oshirilishini ta’minlash, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda.
Ushbu maqsadda muqobil tekshiruvlar va rejadan tashqari tekshiruvlarning barcha turlari bekor qilindi, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi bir qator litsenziyalanadigan faoliyat turlari va ruxsat berish tartib-taomillari qisqartirildi hamda soddalashtirildi. Mazkur chora-tadbirlar mamlakatda ishbilarmonlik muhitini rivojlantirishga va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro miqyosdagi reytingiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, tadbirkorlik faoliyati sohasida bir qator tizimli muammolar saqlanib qolmoqda, ularning hal etilishi biznesni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish, mamlakatga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatli himoyasini ta’minlash imkonini beradi.Xususan:
birinchidan, nazorat qiluvchi organlar va insofli tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida ishonchli hamkorlikni o‘rnatishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining qabul qilinganligi amaldagi tekshiruvlar tizimini, davlat nazoratining boshqa turlarini, shuningdek, soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni undirish tartibini tubdan qayta ko‘rib chiqishni talab etadi;
ikkinchidan, qonun hujjatlarida zamon talablariga javob bermaydigan ayrim huquqiy mexanizmlarning mavjudligi sababli soliqlar, boshqa majburiy to‘lovlar, penyalar va moliyaviy jarimalar bo‘yicha qarzdorliklar sun’iy yo‘l bilan yig‘ilib bormoqda;
uchinchidan, tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlari buzilishiga olib kelayotgan davlat organlarining samarasiz va ortiqcha nazorat funksiyalari amal qilmoqda;
to‘rtinchidan, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarning tashkiliy jihatlari va tartib-taomillarini kompleks tartibga solish hamda ularning qonuniyligi monitoringini olib borishning yagona yaxlit tizimi mavjud emasligi nazorat qiluvchi organlar faoliyatining shaffofligini ta’minlash va o‘tkaziladigan tekshiruvlarning asosliligini xolis baholash imkonini bermayapti;
beshinchidan, o‘tkaziladigan tekshiruvlarning ochiqligi, oshkoraligi va xolisligini ta’minlovchi nazorat qiluvchi organlar faoliyati ustidan mustaqil jamoatchilik nazorati tizimi joriy etilmagan;
oltinchidan, ko‘chmas mulk obyektlarini buzib, davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplashning amaldagi mexanizmidagi kamchiliklar ularning huquq va qonuniy manfaatlari buzilishiga olib kelmoqda, tadbirkorlik subyektlarining davlatga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazmoqda, shuningdek, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini pasaytirmoqda.
Biznesni rivojlantirishdagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, tadbirkorlik subyektlarini himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini yanada kuchaytirish, mamlakatda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Savdo-sanoat palatasining mazkur Farmon kuchga kirgan vaqtda mavjud bo‘lgan qat’iy belgilangan soliq va ushbu qarzdorlik uchun hisoblangan penyalar bo‘yicha qarzdorlikni, shuningdek, moliyaviy jarimalar va sud xarajatlari (sud chiqimlari bundan mustasno) bo‘yicha quyidagilarga hisoblangan qarzdorlikni hisobdan chiqarish haqidagi taklifi ma’qullansin:
2018 yil 1 aprelga qadar yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxslarga va 2018 yil 1 apreldan moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan (shu jumladan, faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan) yakka tartibdagi tadbirkorlarga;
davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanganligi uchun bir yillik qat’iy belgilangan soliq summasi hisoblangan jismoniy shaxslarga.
Ushbu bandning birinchi xatboshisida ko‘rsatilgan qarzdorliklarni hisobdan chiqarish, mazkur bandning tegishli ravishda ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan shaxslar 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatda tadbirkorlik faoliyatini tiklagan yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan hollarda amalga oshirilishi belgilansin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmalari bilan birgalikda ushbu bandda ko‘rsatilgan shaxslarning tadbirkorlik va moliya-xo‘jalik faoliyatini tiklashda, shuningdek, ularning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda faol yordam bersin, bajarilgan ishlar natijalari to‘g‘risidagi oylik hisobotlarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritib borsin.
2. Yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan faoliyat olib borayotgan jismoniy shaxslardan tegishli faoliyat turi bo‘yicha belgilangan stavkadan kelib chiqib hisoblangan bir yillik miqdordagi qat’iy belgilangan soliqni bir yo‘la undirish tartibi bekor qilinsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi:
a) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Oliy sud bilan birgalikda uch oy muddatda tadbirkorlik subyektlari – yuridik shaxslarga hisoblangan undirish umidsiz bo‘lgan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar, mazkur qarzdorlik uchun hisoblangan penyalar bo‘yicha qarzdorlikni, shuningdek, moliyaviy jarimalar va sud xarajatlari (sud chiqimlari bundan mustasno) bo‘yicha qarzdorlikni xatlovdan o‘tkazsin, keyinchalik ko‘rsatilgan qarzdorliklarni belgilangan tartibda hisobdan chiqarish choralarini ko‘rsin;
b) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Markaziy banki, Moliya vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda:
soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi bo‘lgan va ikki oy davomida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirmayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlarning faoliyatini to‘xtatish tartibi;
moliya-xo‘jalik faoliyatni amalga oshirmayotgan korxonalarni tugatish tartibini soddalashtirish, shuningdek, faoliyat ko‘rsatmayotgan tashkilotlar va muassislari uzoq muddat bedarak bo‘lgan tashkilotlarning umidsiz qarzdorligini hisobdan chiqarish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
4. 2018 yil 1 sentyabrdan:
tadbirkorlik subyektlarining moliya-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan rejali tekshiruvlar;
tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan nazorat tartibidagi tekshiruvlar bekor qilinsin.
5. Belgilab qo‘yilsinki, 2018 yil 1 sentyabrdan:
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish tashabbusi bilan chiqish tegishli tadbirkorlik subyektlari tomonidan qonunbuzarlik sodir etish xavfi darajasidan kelib chiqib, tekshiruvni tashabbus qilishni nazarda tutuvchi “xavfni tahlil etish” tizimi natijalari asosida amalga oshiriladi;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi;
nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olinishi shart;
Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olinmagan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanadi;
tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkazilgan tekshiruvlarning natijalari nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruv tamomlangandan keyin uch kun davomida Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimiga kiritiladi.
6. Quyidagilar:
Vakolatli organ bilan kelishilgan holda tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar turlarining ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq;
Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan tekshiruvlar ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq;
Nazorat qiluvchi organlardan boshqa tashkilotlarga o‘tkazilayotgan ayrim nazorat funksiyalari ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va 2018 yil 1 sentyabrdan amalga kiritilsin.
7. Nazorat qiluvchi organlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishgan holda 2018 yil 1 sentyabrga qadar muddatda o‘z faoliyatiga “xavfni tahlil etish” tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi tegishli nizomlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi nazorat qiluvchi organlarga “xavfni tahlil etish” tizimini o‘z faoliyatiga joriy etishda ko‘maklashsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Bosh prokuratura bilan birgalikda 2018 yil 1 sentyabrga qadar muddatda Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimining boshlang‘ich versiyasini ishlab chiqsin hamda 2019 yil 1 yanvardan uning quyidagilarga imkon beruvchi to‘liq versiyasini ishga tushirsin:
a) vakolatli organga:
nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlarida tekshiruvlarni o‘tkazish yuzasidan qabul qilingan qarorlarning asosliligini o‘rganish va tekshiruvlarni o‘tkazishga noyob kod bilan ruxsat berish;
nazorat qiluvchi organlar tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tekshiruvlar o‘tkazish tartibiga rioya etilayotganligi ustidan nazoratni amalga oshirish;
b) nazorat qiluvchi organlarga o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalarini kiritish;
v) tadbirkorlik subyektlariga o‘z so‘rovlariga ko‘ra o‘tkazilayotgan tekshiruv haqidagi axborotni qisqa xabar (SMS) ko‘rinishida hamda real vaqt rejimida Internet tarmog‘i orqali olish.
9. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan birgalikda 2018 yil 1 sentyabrga qadar muddatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga ushbu Farmon qoidalarini inobatga olgan holda “Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini o‘rnatilgan tartibda kiritsin;
bir oy muddatda “Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni kuchga kirgunga qadar amal qiladigan Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni kelishish va o‘tkazish tartibi haqidagi vaqtinchalik nizomni hamda Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimini yuritish tartibi haqidagi nizomni tasdiqlasin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 iyundagi “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5087-son Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlik subyektlari – Palata a’zolarining faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar monitoringini amalga oshirishi hamda tekshiruvlarda ishtirok etishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlarga tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish hamda yakunlari yuzasidan har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga axborot taqdim qilish tavsiya etilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyektlarida tekshiruvlar o‘tkazish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Markaziy bankining 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlarga O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillarni bank korporativ kartalari orqali sotib olish huquqini berish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya
va davlat kadastri davlat qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda “Davergeodezkadastr” qo‘mitasi deb yuritiladi) va Adliya vazirligining 2018 yil 1 oktyabrdan ko‘chmas mulkka (yer uchastkalari, bino va inshootlar, ko‘p yillik dov-daraxtlarga) bo‘lgan huquqni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi guvohnomani rasmiylashtirishni bekor qilish, tegishli yozuvni ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar va ular bilan tuzilgan bitimlar davlat reyestriga elektron shaklda kiritish tartibini joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
15. 2018 yil 1 oktyabrdan shunday tartib joriy etilsinki, unga ko‘ra:
ko‘chmas mulkka bo‘lgan egalik huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar to‘g‘risidagi, shu jumladan, ushbu huquqlarning vujudga kelishi, o‘tishi, cheklanishi va bekor qilinishi, shuningdek, ular bilan tuzilgan bitimlar haqidagi axborot mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat notarial idoralari, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining hududiy tuzilmalari, shuningdek, boshqa vakolatli organlar tomonidan “Davergeodezkadastr” qo‘mitasining hududiy organlariga tegishli xatti-harakatlar sodir etilgan kundan boshlab bir kun muddatda axborot-kommunikatsiya tizimlaridan foydalangan holda taqdim etiladi;
“Davergeodezkadastr” qo‘mitasining hududiy organlari ushbu bandning ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan axborotga asosan ko‘chmas mulkka bo‘lgan tegishli huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiradi;
jismoniy va yuridik shaxslar murojaat qilganda, davlat va boshqa tashkilotlar so‘rov yuborganda “Davergeodezkadastr” qo‘mitasining hududiy organlari ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar va ular bilan tuzilgan bitimlar davlat reyestridan tegishli huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi elektron va (yoki) qog‘oz shakldagi ko‘chirmani taqdim etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda ushbu bandning talablaridan kelib chiqqan holda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni va ular bilan tuzilgan bitimlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini qayta ko‘rib chiqsin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplashning quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi mexanizmini joriy etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha markazlashtirilgan jamg‘armani (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil qilish;
Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirishning aniq manbalarini belgilash, ularda mahalliy byudjetlarning daromad qismi mablag‘lari jalb qilinishini nazarda tutish;
davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishini Jamg‘arma bilan majburiy tarzda kelishish tartibini joriy etish.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirishning aniq manbalarini nazarda tutgan holda, Jamg‘arma faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi hukumat qarorini qabul qilsin.
17. 2018 yil 1 sentyabrdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari 4-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
18. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
Vazirlik va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu Farmonga muvofiqlashtirsin.
19. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil D.S.Qosimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2018 yil 27 iyul