Tadbirkorlik bilan kelajak sari
Qashqadaryoda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga bag‘ishlangan “Tadbirkorlik bilan kelajak sari” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Qashqadaryoda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga bag‘ishlangan “Tadbirkorlik bilan kelajak sari” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
"Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining viloyat bosh boshqarmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda yoshlarning tashabbus, g‘oya va intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Xususan, yigit-qizlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasiga keng jalb etish, ularning iqtisodiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ilg‘or taklif va rejalarini ko‘rib chiqish hamda rag‘batlantirish doimiy e’tibordagi masala bo‘lib kelmoqda.
Tadbirda “Yoshlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasiga jalb qilishda qonun ustuvorligining ahamiyati”, “Yosh fermerlarga beriladigan imkoniyatlar”, “Tijorat banklari tomonidan yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan samarali ishlar”, “Yosh hunarmandlarga beriladigan imkoniyatlar” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
– Qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha tayyorlagan loyihamga yuqori baho berilgani, bankdan imtiyozli kredit olish uchun imkoniyat yaratilganidan xursandman, – deydi Kasbi tumanidan Shohista Bozorova.
Tadbir doirasida viloyat mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi. O‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan 56 nafar yigit-qizga imtiyozli kredit olish huquqini beradigan sertifikatlar topshirildi.