Tadbirkorlarning huquq va manfaatlari himoyada
Davlatimiz rahbarining joriy yil 30 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tadbirkorlarning murojaat va takliflarini muntazam qabul qabul qilish, umumlashtirish, tizimli muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, tadbirkorlarning alohida masalalarini tezkorlik bilan hal qilish ishlari tashkil etilmoqda.
Mazkur qaror mazmun-mohiyatini targ‘ib etish, ijrosini ta’minlash borasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlari huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil - Biznes-ombudsman devoni, uning viloyatlardagi inspektorlari tomonidan ham e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Andijon viloyatida Biznes-Ombudsman devoni xodimlari tomonidan tibbiyot, ta’lim va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Ularni qiynayotgan muammolar, shuningdek, qator takliflar o‘rganilmoqda.
Bugungi kunda Andijon viloyatida 778 ta xususiy tibbiyot muassasasi faoliyat yuritmoqda. Shundan 564 tasi ambulator, 214 tasi statsionar davolash muassasasi hisoblanadi. O‘tgan 2023 yili xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan 5 ming 298 nafar, joriy yilning o‘tgan davrida 2 ming 95 nafar chet el fuqarosiga xizmat ko‘rsatilgan. Xorijlik fuqarolardan 290 million so‘mdan ziyod turistik (mehmonxona) yig‘imlari davlat byudjetiga hisoblangan.
Masalan, “Sog‘lom turmush” MCHJ klinikasida 2023 yil davomida 2 ming 321 nafar, joriy yilning 5 oyida 1 ming 18 nafar xorijiy fuqaro davolangan. Xorijiy fuqarolar hisobidan byudjetga 110 million so‘m turistik (mehmonxona) yig‘imi hisoblangan.
Xususiy tibbiyot muassasalarida davolangan xorijiy fuqarolarning yashagan davri uchun olingan turistik (mehmonxona) yig‘imlari xususiy tibbiyot muassasalariga yangi tibbiy uskunalar sotib olish uchun sarflash sharti bilan ularning o‘z ixtiyorida qoldirish taklifi berildi.
Bu xususiy davolash muassasalariga yangi zamonaviy asbob-uskunalar xarid qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratib beradi, shu bilan birga, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati yanada yuksaladi.
Bundan tashqari, Biznes-ombudsman devonining viloyatdagi xodimlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ham nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 2412-moddasida tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini tekshirishning va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilishning belgilangan tartibini buzish, xuddi shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qonunga xilof ravishda tekshirish tashabbusi bilan chiqish va (yoki) o‘tkazish uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.
Biznes-ombudsmanning viloyatdagi xodimlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 87 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Jumladan, tadbirkorlik sub’ektlarida o‘tkazilgan tekshirishlarda tekshirish tartiblariga rioya etmagan 22 nafar nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy choralar qo‘llanilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, Biznes-ombudsmanning Andijon viloyatidagi vakillari Prezidentimizning tadbirkorlar bilan muloqotiga tayyorgarlik bo‘yicha targ‘ibot ishlarini samarali tashkil etish, tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning faoliyatiga davlat organlarining asossiz aralashuvining oldini olishga qaratilgan zarur ishlarni olib bormoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA