Mamlakatimizda pandemiya davrida Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari aholi va korxonalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirildi.
Aytib o‘tish kerkki, mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish iqtisodiyotni rivojlantirishning muhim yo‘nalishi hisoblanadi. Shu bois shu maqsadga qaratilgan huquqiy asoslar va mexanizmlar ishlab chiqilgan.
Xususan, “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi va “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida” qonunlar hamda boshqa hujjatlar orqali tadbirkorlar, shu jumladan investorlar huquqlari kafolatlari belgilangan.
Investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida “Doing business” indeksi, Iqtisodiy erkinlik indeksi, Huquq ustuvorligi indeksi va boshqa xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilashga oid zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Tadbirkorlik sub’ektlariga amaliy yordam ko‘rsatish, ularga kredit, yer maydoni, bino ajratilishida, muhandislik kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishda, litsenziya va ruxsatnomalar berilishida va boshqa masalalarda amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Natijada yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etilishi bilan bir qatorda faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalar faoliyati tiklanmoqda. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratilishiga yo‘l ochmoqda.
Tadbirkorlarni huquqiy himoyalash bilan bir qatorda ayrim yashirin iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan shaxslarni rasmiy faoliyat ko‘rsatishga o‘tishlarini ta’minlash ham hozirgi kunda dolzarb masala hisoblanadi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Islohotlarimizga jiddiy to‘sqinlik qilayotgan “yashirin iqtisodiyot” barham berilmas ekan, sog‘lom raqobat ham, qulay investitsiya muhiti ham shakllanmaydi”.
Qonunchilikdagi yangiliklarga ko‘ra, endilikda chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar ustav fondidagi xorijiy investitsiyalar ulushining eng kam miqdori 30 foizdan 15 foizga kamaytirildi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonaning ishtirokchisi sifatida xorijiy yuridik shaxs qatnashishi shartligi to‘g‘risidagi talab bekor qilindi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar ustav fondining eng kam miqdori 600 million so‘mdan 400 million so‘mgacha kamaytirildi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat boji miqdori kamaytirildi. Shuningdek yuridik shaxslarning ustav fondi eng kam miqdori to‘g‘risidagi talablar qonun hujjatlaridan chiqarib tashlandi.
Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish bo‘yicha ham islohotlar davom etmoqda. Xususan, ayrim litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillari bekor qilindi, ayrimlari esa birlashtirildi, ularni rasmiylashtirish muddatlari qisqartirildi.
Davlatimiz rahbarining “Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan tadbirkorlik sub’ektlarining moliya-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan rejali tekshiruvlar va tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan nazorat tartibidagi tekshiruvlar bekor qilindi.
Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirish tashabbusi bilan chiqish “xavfni tahlil etish” tizimi natijalari asosida amalga oshirilishi belgilandi. Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olinmagan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanishi alohida ko‘rsatib o‘tildi.
Nazorat qiluvchi organlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishilgan holdagina tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazishi mumkinligi belgilandi.
Tadbirkorlar faoliyatini tekshirish tartibini buzish, ulardan qonun hujjatlarini buzgan holda hujjatlar talab qilib olish, davlat xizmatlari ko‘rsatilishi qoidalarini buzish va murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonun buzilishi holatlariga ham chek qo‘yilmoqda.
Umuman olganda, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday tizimli ishlar ularning iqtisodiyot rivojiga munosib hissa qo‘shishiga zamin yaratmoqda.
Nasimbek Azizov,
Bosh prokuratura Akademiyasi dotsenti.
O‘zA