Tadbirkorlarga yetkazilayotgan zararlar bartaraf etilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni xodimlari tadbirkorlarning muammolarini hal qilish masalasida ko‘pgina ijobiy natijalarga erishmoqda.
Xususan, vakilga “BG” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari murojaat yo‘llab, jamiyatga tegishli noturar binoga nisbatan asossiz tarzda ta’sirchan soliq mexanizmi qo‘llanib kelinayotganidan norozi ekanini bildirgan.
O‘rganish davomida jamiyat bir necha bor Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligiga murojaat yo‘llagan bo‘lsa-da, masala o‘z yechimini topmay kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Binoga nisbatan Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi huzuridagi Foydalanilmayotgan ob’ektlarni aniqlash va ishga tushirish bo‘yicha ishchi guruh tomonidan berilgan xulosaga asosan soliq idoralari tomonidan ta’sirchan soliq mexanizmi qo‘llanib kelinayotgani aniqlandi.
Ob’ekt qonuniy talablar asosida tuman hokimligi huzuridagi ishchi guruh tomonidan qayta xatlovdan o‘tkazildi.
Natijada “Tayyor tekstil mahsulotlari do‘koni” faoliyati tashkil etilgani, 1 milliard so‘mga yaqin investitsiya mablag‘lari to‘liq jalb qilingani hamda o‘ndan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgani aniqlangan.
Vazirlar Mahkamasining 666-sonli qarori asosida binoga nisbatan qo‘llanilgan ta’sirchan soliq mexanizmini to‘xtatish yuzasidan ishchi guruh xulosasi qabul qilindi. Qo‘llanilgan ta’sirchan soliq mexanizmi asosida yuzaga kelgan 1 milliard 187 million 210 ming so‘m soliq summasi bekor qilindi.
Xuddi shunday holat “EB” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yo‘llangan murojaatda ham aks etgan bo‘lib, jamiyatga tegishli noturar binoga nisbatan Yashnobod tumani hokimligi huzuridagi ishchi guruh xulosasi asosida soliq idoralari tomonidan ta’sirchan soliq mexanizmi qo‘llanib kelingan.
Mazkur holatda ham Vakil devoni xodimlarining qonuniy aralashuvidan so‘ng ob’ektda qayta xatlov o‘tkazildi. Bino to‘liq foydalanishga topshirilgani, o‘nga yaqin yangi ish o‘rni yaratilgani xususida ishchi guruhning tegishli xulosasi qabul qilindi.
Natijada jamiyatga nisbatan qo‘llanilgan ta’sirchan soliq mexanizmi orqali yuzaga kelgan 104 million 943 ming so‘mlik ta’sirchan soliq summasi olib tashlandi.
Bundan tashqari, Vakil devonida “RES” mas’uliyati cheklangan jamiyatining murojaati o‘rganib chiqish davomida jamiyatga qo‘shimcha qiymat solig‘ini qaytarish uchun soliq idoralariga qilgan murojaatlari o‘rganilmasdan qoldirilayotgani ma’lum qilindi. Talab etilgan barcha asoslantiruvchi hujjatlar joriy yilning yanvar oyida soliq idoralariga taqdim etilgan bo‘lsa-da, hozirgi kunga qadar masala ko‘rib chiqilmagani hamda tadbirkorga tegishli mablag‘ qaytarilmaganidan norozi ekanini bildirgan.
Murojaatni o‘rganish davomida soliq idoralari bilan o‘tkazilgan muzokaralar va tadbirkorlik sub’ektini qonuniy manfaatlarida qo‘yilgan talablar natijasida jamiyatga 5 milliard so‘m qo‘shimcha qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash maqsadga muvofiqligi yuzasidan Toshkent shahar davlat sodiq boshqarmasining xulosasi qabul qilindi. Jamiyat hisob raqamiga ushbu mablag‘ to‘liq qaytarilishi ta’minlandi.
Bahrom Bobomurodov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini
himoya qilish bo‘yicha vakil devoni yetakchi inspektori.
O‘zA