Tadbirkorlarga yangi imtiyozlar joriy etilmoqda
Huquqiy munosabat
Prezident qarori bilan “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat banki negizida Biznesni rivojlantirish banki, uning huzurida “Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda hududlarda 14 ta kichik biznesga ko‘maklashish markazlari tashkil etildi.
Bu bilan tadbirkorlarga yanada keng imkoniyatlar berildi. Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov bu borada batafsil ma’lumot berdi.
–Davlatimiz rahbarining joriy yil 4 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2023 yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida Biznesni rivojlantirish banki tomonidan kichik biznes loyihalari uchun 7 yilgacha muddatlarda kreditlar ajratiladigan bo‘ldi.
Ijobiy kredit va soliq tarixiga ega tadbirkorlarga garov talabi 50 foizga kamaytiriladi. Qarorga ko‘ra, sanoat sohalarida “140 ta ilg‘or sanoat korxonasi” dasturi amalga oshiriladi. Shunga ko‘ra, mazkur dasturga kiritilgan tarbirkorlarning loyihalarini moliyalashtirish uchun xorijiy valyutada yillik 4 foiz, milliy valyutada yillik 10 foiz stavkada 10 yil muddatgacha kredit mablag‘lari ajratiladi.
Bundan tashqari, dasturni amalga oshirishni raqamlashtirish uchun elektron platforma ishga tushiriladi. Qarorga muvofiq, qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy summasi o‘rnini qoplashda (qaytarishda) soliq uzilishi koeffitsiyentini qo‘llash amaliyoti taqiqlanadi. QQS bo‘yicha maxsus ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini to‘xtatib turish tartibi bekor qilinadi. Foyda solig‘i bo‘yicha har oy bo‘nak to‘lovchi tadbirkorlar daromadining chegaraviy miqdori 5 milliard so‘mdan 10 milliard so‘mga oshiriladi.
Shuningdek, soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddati 5 yildan 3 yilga tushiriladi. Qarorga ko‘ra, kameral soliq tekshiruvini o‘tkazishda quyidagilar taqiqlanadi. Soliq to‘lovchining hududiga kirish, soliq to‘lovchining hududini va binolarini ko‘zdan kechirish, soliq to‘lovchining hujjatlarini talab qilib olish va uni chaqirtirish hamda soliq to‘lovchining hujjatlari va buyumlarini olib qo‘yish mumkin emas.
2024 yil 1 yanvardan iqtisodiy sudlar tomonidan soliq organlari ishtirokida ko‘rilayotgan ishlar ma’muriy sudlar yurisdiksiyasiga o‘tkaziladi va soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddati 5 yildan 3 yilga tushiriladi.
Aholi va tadbirkorlarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish bo‘yicha sudning hal qiluv qarori chiqarilganda, mazkur kreditlar bo‘yicha foizlar neustoyka hisoblanishi to‘xtatiladi. To‘lov miqdori kredit majburiyatlarini bajarish uchun yetarli bo‘lmaganda, mablag‘larni birinchi navbatda mutanosib ravishda muddati o‘tgan asosiy qarz va foiz qarzdorliklarini, ikkinchi navbatda joriy to‘lov uchun hisoblangan foizlar va asosiy qarzni, keyingi navbatlarda neustoyka va ijro xarajatlarini qo‘llashga yo‘naltirish tartibi o‘rnatiladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA