Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Davlat mulkini xususiylashtirish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Muhokamalarda deputatlar bo‘sh turgan va samarasiz foydalanilayotgan, shu jumladan davlat ishtirokidagi korxonalarning nosohaviy aktivlarini xususiy sektorga berishni jadallashtirish maqsadida davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlari soddalashtiriliyotganligi, to‘siqlar bartaraf etilayotganligi, tadbirkorlarga qo‘shimcha yengilliklar berilayotganligini ijobiy baholadilar.
[gallery-24209]
Shu bilan birga, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar negizida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar asosida amaldagi qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelayotganligi deputatlar muhokamasiga sabab bo‘ldi.
Xalq vakillari, qonun loyihasi bilan davlat ko‘chmas mulk ob’ektini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olgan tadbirkorga mol-mulk va yer solig‘ini to‘lashda yengilliklar berilayotganini ijobiy baholadilar.
Deputatlarning fikricha, mazkur qonun loyihasi mamlakatimizda jozibador investitsiya muhitini yaratishga, tadbirkorlik sub’ektlari uchun soliq yukining kamayishiga, davlat mulkini xususiylashtirish sohasini takomillashtirishga va davlat mulki va yer uchastkalarini xususiylashtirish hamda ijaraga berish orqali xususiy mulkchilikni kengaytirishga qaratilgan.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama markazida bo‘ldi.
Mehnat migratsiyasi hajmining ortishi, xorijda bo‘lib qaytayotgan fuqarolar sonining ko‘payishi hamda chet el fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelishi inson salomatligi uchun xavf tug‘diruvchi yuqumli kasalliklarni barvaqt aniqlash va ular tarqalishining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish zaruratini yuzaga keltiryapti.
Shundan kelib chiqib, qonun loyihasi bilan “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi, “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi hamda “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunlarga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif qilinmoqda.
Xususan, qonun loyihasi bilan uzluksiz to‘qson kun va undan ortiq muddat davomida chet elda bo‘lib qaytgan o‘n sakkiz yoshdan oltmish yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikamizga kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish belgilanmoqda.
Shuningdek, uzluksiz to‘qson kun va undan ortiq muddat davomida chet elda bo‘lib qaytgan o‘n sakkiz yoshdan oltmish yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar OIVga majburiy tibbiy tekshiruvdan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari esa – o‘z mablag‘lari, ish beruvchining mablag‘lari yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni borayotgan davlatining qonunchiligi, unda bo‘lish qoidalari bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish va zarur materiallar bilan ta’minlash majburiyatini xususiy bandlik agentliklarining litsenziya shartlaridan biri etib belgilash ham taklif etilmoqda.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.
N.Nasriyev
O‘zA