Tadbirkorlarga davlat mukofotlari topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 14 avgustda qabul qilingan “Tadbirkorlar kuni munosabati bilan soha vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi farmoyishiga asosan yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi va istiqbolli loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, o‘zining tashabbuskorligi, zamonaviy bilim va tajribasini namoyon etib, investitsiyalarni jalb qilish, import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish, xizmatlar ko‘rsatishni yanada kengaytirish, aholi bandligi va farovonligini ta’minlash yo‘lida alohida jonbozlik ko‘rsatayotgan fidoyi ishbilarmonlar davlatimizning yuksak orden, medal va nishonlariga munosib ko‘rildi.
Shu munosabat bilan Namangan shahridagi “Ma’rifat maskani”da bo‘lib o‘tgan bayram tadbirida Namangan viloyatidan davlat mukofotlariga munosib ko‘rilgan uch nafar hamyurtimizga orden va medallar, sakkiz nafar ishbilarmonga “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni tantanavor ruhda taqdim qilindi. Tadbirda qatnashgan Namangan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov soha jonkuyarlarini yaqinlashib kelayotgan “20 avgust – Tadbirkorlar kuni” bilan tabriklab, respublikamizning sanoat va biznes markaziga aylangan Namangan viloyati ijtimoiy-iqtisodiy hayotida xususiy tadbirkorlikning o‘rni va ahamiyati beqiyos ekanligini ta’kidladi.
[gallery-18746]
E’tirof etilganidek, hozirgi kunda Namanganda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari soni 38 mingdan ziyod bo‘lib, ularda ish bilan ta’minlanganlar soni esa 500 ming kishini tashkil etmoqda. Mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib asos solingan kichik sanoat zonalari soni esa 73 taga yetdi. Viloyat yalpi ishlab chiqarishida xususiy sektorning ulushi 46,5 foizdan ortdi.
– Tadbirkor – elga madadkor. Bu so‘z bugungi kunda hayotimizning barcha jabhalarida o‘z ifodasini topmoqda. Buning zamirida, avvalo, davlatimiz rahbarining kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojiga qaratayotgan yuksak e’tibori, keyingi yillarda qabul qilinayotgan qator farmon-qarorlar bilan yaratib berilayotgan qulaylik va imtiyozlar samarasi mujassam, – deydi Chust tumanidagi “Namangan sement” mas’uliyati cheklangan jamiyat direktori Rashid Murodov. – 2017 yilda barpo etilgan ushbu korxona yillik 800 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulot nafaqat ichki bozor, balki Markaziy Osiyo bozoridagi ehtiyojlarni ham qondirishga xizmat qilmoqda.
Marosimda so‘zga chiqqan tadbirkorlar ko‘rsatilgan e’tibor, g‘amxo‘rlik va rag‘bat uchun minnatdorlik izhor etdi. Tadbir “Shodiyona” tantanalar majmuasida uyushtirilgan bayram dasturxoni atrofida davom etdi.
Oqilxon Dadaboyev, Xotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.