Tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanmoqda
Andijonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning samarali ish yuritishlari uchun yanada qulaylik yaratish masalasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Andijonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning samarali ish yuritishlari uchun yanada qulaylik yaratish masalasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.Tadbirda Prezidentimizning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni soha subyektlari faoliyati samaradorligini oshirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
– Mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning o‘rni tobora yuksalmoqda, – deydi Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati bo‘limi boshlig‘i Nargiza Xushvaqtova. – Bunda davlatimiz rahbari tomonidan sohani rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor muhim ahamiyat kasb etayotir. Xususan, barcha tuman va shaharlarda “Bir oyna” bo‘limlari tashkil etilgan, joylarda tadbirkorlarning murojaatlari ko‘rib chiqilib, ularga belgilangan tartiblar asosida xizmat ko‘rsatilmoqda. Bu tadbirkorlar oldida turgan mavjud muammolarni ijobiy hal etish, ularning vaqt va mablag‘larini tejash imkonini berayotir. Jumladan, joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyida tadbirkorlarning o‘z faoliyatini kengaytirish uchun yer uchastkasi ajratib berilishi bilan bog‘liq 677 murojaati ijobiy hal etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 31-dekabrdagi “Kichik sanoat zonalarini barpo etish va ularning faoliyatini tashkil qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori asosida olib borilayotgan ishlar ham muhokama etildi. Mazkur qaror asosida Andijon shahri va Asaka tumani hokimliklari huzurida kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bo‘sh turgan yer maydonlariga tadbirkorlik subyektlarini joylashtirish bilan bog‘liq qator loyihalarni amalga oshirish, foydalanilmayotgan binolarni investitsiya kiritish, yangi ish o‘rinlari yaratish sharti bilan nol qiymatda tadbirkorlarga berish borasidagi ishlar yuzasidan fikr almashildi.
Tadbirda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov so‘zga chiqdi.