Tadbirkorlar murojaati joyida o‘rganilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlik sub’ektlari bilan ochiq muloqot o‘tkazishi bo‘yicha joylarda tashkil etilgan tezkor shtablarda tadbirkorlik sub’ektlarining muammolari o‘rganilib, murojaatlari tinglanmoqda.
Xorijdan naslli qoramollarni olib kelib, ularni ko‘paytirish bilan shug‘ullanayotgan Nukus tumanidagi “Qӯng‘irotboy-Mehri” fermer xo‘jaligi vakillarining bojxona imtiyozlarini so‘rab, tezkor shtabga qilgan murojaati ijobiy yechim topdi. Hozirda bu yerda Daniya, Fransiya, Turkiya, Rossiyadan keltirilgan 120 bosh qoramol ko‘paytirilib, salkam 600 boshga yetkazildi. Bugun fermer xo‘jaligida 80 nafar yosh, xotin-qiz doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan.

Tadbirkorlik sub’ekti o‘z faoliyatini kengaytirish jarayonida xo‘jalik qoramollari uchun ozuqa tayyorlash uskunasi, sut mahsulotlarini qayta ishlovchi texnologiyalarning xorijdan importi amalga oshirildi. Ushbu jarayon esa tadbirkorlik sub’ektiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan bojxona to‘lovlaridan hozirga qadar salkam 1,2 milliard so‘m miqdoridagi bojxona imtiyozi qo‘llanilgan holda, tez fursatlarda rasmiylashtirib berildi.
Buning natijasida fermer xo‘jaligida kuniga 6 tonnagacha sutni qayta ishlab, qatiq, kefir, yogurt, tvorog, ayron va boshqa sut mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan sex faoliyati yo‘lga qo‘yildi. bugungi kunda bu yerda 25 nafar yosh va xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlangan.
Bojxona to‘lovlaridan taqdim etilgan imtiyozlarning qo‘llanilish samarasi, fermer xo‘jaligining faoliyati bilan yaqindan tanishish va ularning muammolarini joyiga chiqqan holda o‘rganib, amaliy ko‘mak berish maqsadida “Nukus” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari “Qӯng‘irotboy-Mehri” fermer xo‘jaligida bo‘ldi.
– Mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilgan sharoit, shu jumladan, bojxona to‘lovlaridan taqdim etilayotgan imtiyozlar faoliyatimiz rivojlanishi uchun katta turtki bo‘lmoqda, – deydi fermer xo‘jaligi raisi Yesenboy Aytmuratov. – Yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, kelajakda ishlab chiqarishni yanada kengaytirish va ish o‘rinlari sonini oshirish, shuningdek, naslli qoramollarni o‘zimizda ko‘paytirish niyatimiz bor.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilgan qulay sharoit va imkoniyatlar xalqimizning farovon hayot kechirishi, bugungi kunidan rozi bo‘lib, ertangi kuniga yanada katta ishonch paydo bo‘lishiga xizmat qiladi. Zero, “tadbirkor boy bo‘lsa, xalq boy bo‘ladi”.
Dovud Abibullayev, O‘zA