Tadbirkorlar muammolari joyida hal etilmoqda
Buxoro viloyatida Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev ishtirokida tadbirkorlik sub’ektlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Buxoro va Kogon shaharlari hokimliklarida tashkil etilgan tadbirda 450 nafar tadbirkorlik sub’ektlari vakillari qatnashdi. Uchrashuvlarda davlat soliq xizmati organlari “Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlarga bilmaganlarini o‘rgatib, ularning halol ishlashida ko‘makchi bo‘lib faoliyat olib borishi ta’kidlandi.


Ochiq muloqotlarda soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarishlar yuzasidan zarur tushuntirishlar berish bilan birga tadbirkorlarning savollariga batafsil javob berildi. O‘z navbatida muammoli masalalar bilan murojaat qilgan 30 ga yaqin tadbirkorlik sub’ektlari vakillarining murojaatlari hal etilishi belgilandi.


Joylarda ba’zi tadbirkorlar yangi dastur va talablarni tushunmagani sababli ko‘plab savollar paydo bo‘lmoqda. Ayrim hollarda ular turli qiyinchiliklarga ham duch kelmoqda.
Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari J.Abdiyevning buxorolik tadbirkorlar bilan uchrashuvi davom etmoqda.



Zarif Komilov, O‘zA