Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish kuchaytiriladi
Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlik sub’ektlari uchun tartibga solish yukini kamaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Mazkur masala yuzasidan ma’ruza qilgan Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ayrim holatlarda tadbirkorlik sub’ektlarining bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish bilan bog‘liq masalalarni sud orqali hal etish amaliyoti tadbirkorlar uchun ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflanishiga sabab bo‘lmoqda.
Qonun bilan Iqtisodiy protsessual hamda Soliq kodekslariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, soliq to‘lovchi soliq organining qaroriga e’tiroz bildirmagan taqdirda bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish soliq organining qarori asosida amalga oshirilishi, e’tiroz bildirilgan hollarda esa mazkur masala sud tomonidan ko‘rib chiqilishi nazarda tutilmoqda.
Soliq organining sudga murojaat qilish tartibi aniqlashtirilib, murojaatga qonun buzilganligini, soliq to‘lovchiga xabarnoma yuborilganligini hamda uning e’tirozini tasdiqlovchi dalillarni ilova qilish talabi belgilanmoqda.

Qonun bilan huquqbuzarlik holatlari bartaraf etilgan yoki sud tomonidan bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish rad etilgan taqdirda, ushbu cheklovlarni tezkor bekor qilish mexanizmi ham mustahkamlanmoqda.
Mazkur masala bo‘yicha fikr bildirgan Senat raisi T.Norboyeva tadbirkorlarimiz mana shu kiritilayotgan yangi yangiliklardan yaxshi xabardor bo‘lishlari kerakligini alohida ta’kidladi. Huquqni qo‘llash amaliyoti ham to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi kerak. Bu borada hamma mutasaddi tashkilotlar, birinchi navbatda, Soliq qo‘mitasi, Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va boshqa tegishli tashkilotlar keng qamrovli chora-tadbirlar rejalarini ishlab chiqib, joylarda tashkil qilishlari kerak.

Senatorlar ma’qullagan qonun tadbirkorlik sub’ektlarining vaqt va mablag‘ bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlarini qisqartirish, davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish, sudlar yuklamasini kamaytirish hamda tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA