Tadbirkorlar huquqi kafolatlangan
Konstitutsiyamizning 53-moddasida xususiy mulkning boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasida ekani belgilab qo‘yilgani milliy iqtisodiyotimizni izchil va barqaror rivojlantirish, hayotimiz farovonligini ta’minlashda yuksak samaralar bermoqda.
Konstitutsiyamizning 53-moddasida xususiy mulkning boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasida ekani belgilab qo‘yilgani milliy iqtisodiyotimizni izchil va barqaror rivojlantirish, hayotimiz farovonligini ta’minlashda yuksak samaralar bermoqda.Surxondaryo viloyatida 10 ming 852 kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida xususiy sektorni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun 449 milliard so‘mga yaqin kredit mablag‘i ajratildi. Yaratilayotgan bunday imkoniyatlar tadbirkorlik subyektlarining yangi turdagi sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishi, eksport hajmini oshirishiga xizmat qilayotir.
Prezidentimizning joriy yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda 20-avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning iqtisodiyotimiz taraqqiyotidagi rolini yanada oshirish, mavjud to‘siq va g‘ovlarga chek qo‘yish, ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, ularning erkin faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlar yaratishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
– Mazkur qonun xususiy sektorni yanada rivojlantirishning yangi yo‘llarini belgilab berdi, – deydi Savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i To‘ra Bobolov. – Tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga asossiz aralashganlik, ularning faoliyatini tekshirish va moliya xo‘jalik faoliyatini taftish qilish tartibini buzganlik, xususiy mulk huquqini buzganlik, tadbirkorlik subyekti faoliyatini yoki uning banklardagi hisob varaqlari bo‘yicha operatsiyalarni qonunga xilof ravishda to‘xtatib turganlik, homiylikka va boshqa tadbirlarga majburiy jalb etganlik uchun nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organi vakillariga ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilab qo‘yilgan.
Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda mingga yaqin kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, 35 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Yalpi hududiy mahsulotda ularning ulushi 79,1 foizga yetdi. 98 million dollarlik mahsulot va xizmatlar eksporti amalga oshirildi. Qirqqa yaqin turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
– Faoliyatimizning huquqiy jihatdan kafolatlanib, keng imtiyoz va preferensiyalar berilayotgani bizni yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishga undamoqda, – deydi Termiz shahridagi “Saidjon-Muhammadjon muzqaymoqlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari O‘rol Sattorov. – Shu yil zamonaviy texnologiyalar asosida yangi turdagi sifatli muzqaymoq ishlab chiqarishni o‘zlashtirdik. Ayni paytda mahsulotlarimiz turi o‘ttiz beshtaga yetdi. Kelgusida ishlab chiqarish hajmi va mahsulot turini yanada oshirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishni rejalashtirganmiz. Xususan, sut kukuni va 15 turdagi qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Mahsulotning bir qismini eksport qilishni ham mo‘ljallaganmiz.