Tadbirkorlar davlatimiz rahbari himoyasida
Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ularga qulay shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Butun dunyoni larzaga solayotgan koronavirus pandemiyasi barcha sohalar va tarmoqlarga, jumladan, tadbirkorlar faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shunga qaramasdan, davlatimiz rahbari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari har tomonloma qӯllab-quvvatlanib, keng imkoniyatlar berilmoqda. Xususan, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashish, tekshiruvlarni kamaytirish, soliqlarni tӯlashni soddalashtirish kabi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda Shuningdek, davlatimiz rahbarining farmoni bilan yangi ish ӯrinlarini yaratayotgan, chet davlatlarga mahsulotlar eksport qilayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga ayrim soliq imtiyozlari va preferensiyalar berilmoqda. Natijada tadbirkorlik sub’ektlarining safi yildan-yilga ortib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini, mazkur huquqlar va qonuniy manfaatlarga davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan rioya etilishini ta’minlaydi. bugungi kunda bu borada qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tekshiruv o‘tkazish uchun kelib tushgan buyurtmalarni ko‘rib chiqishda asosiy e’tibor tekshirishga emas, profilaktikaga qaratilmoqda.
Mamlakatimizda biznes muhitini yaxshilash, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish bo‘yicha tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirishga oid qator farmon va qarorlar qabul qilinib, zaruriy shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Joriy yilning avgust oyi boshida tashkil etilayotgan Prezidentimizning ishbilarmonlar va tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti ularga ko‘rsatilayotgan katta e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir namunasidir.
Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida ayrim muammolar borligi sir emas. Shu nuqtai nazardan mamlakatimizda birinchi marta davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ӯtkazadigan muloqoti ushbu muammolarni bartaraf etishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir. Shuning uchun ham bo‘lajak muloqot oldidan uning mazmun-mohiyati, tadbirkorlarimizni qiynayotgan muammolar, ularning ijobiy yechimi borasida targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan “Ochiq muloqoti”ni o‘tkazish bo‘yicha Shtab “Call-markazlari”ga va ijtimoiy tarmoqlar orqali tadbirkorlardan bugungi kungacha 5 015 ta muammo va taklif kelib tushgan. Ularning aksariyatini biznesni moliyalashtirish, kreditlash va subsidiya, yer va bino ajratish, biznesni boshqarish bӯyicha g‘oyalar, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalar, sertifikatlashtirish, ruxsatnoma va litsenziyalar berish, xususiy mulkni himoya qilish, davlat boshqaruvi organlari faoliyati va ularning iqtisodiyotga aralashuvi kabi murojaatlar tashkil etadi. Shuningdek, qurilish sohasi, soliq tizimi, savdo, shu jumladan, bojxona tarif va notarif, korrupsiya va byurokratik tӯsiqlar, xususiylashtirish, birja faoliyati, davlat xaridlari va boshqa masalalarda murojaatlar kelib tushgan.
Joylardagi tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakillari murojaatlarni hal etish, tadbirkorlarga ko‘maklashishda ularni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab boradi.
B.Aralbayev,
Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha yetakchi inspektori.
O‘zA