Tadbirkorlar Biznes-ombudsman himoyasida
O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda barcha sohalar qatori tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, xususiy mulk huquqini ta’minlash yo‘nalishida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yildagi farmoniga asosan mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil – Biznes-ombudsman instituti ta’sis etildi.
Mazkur farmon va qonun hujjatlariga asosan sud-huquq sohasida tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish maqsadida Biznes-ombudsmanga tadbirkorlik sub’ektlari manfaatlarini ko‘zlab sudlarga davlat boji to‘lamasdan arizalar va da’volar bilan murojaat qilish huquqi berildi.
Shu bilan birga, Biznes-ombudsman tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan qabul qilingan qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishi, tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida yuzaga keladigan iqtisodiy nizolar, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan nizolar bundan mustasno ekanligi belgilandi.
Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari foydasiga 40,0 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ undirish bo‘yicha sudlarga 2021 yil davomida 221 ta ariza va da’vo arizalari kiritilgan bo‘lsa, 2022 yilning o‘tgan davrida 8,0 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ undirish bo‘yicha 69 ta ariza va da’vo arizalari kiritildi.
Bundan tashqari, Biznes-ombudsman devoni xodimlari tomonlarning iltimosnomasi yoki sud tashabbusi asosida tadbirkorlik sub’ektlari tarafida nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida sudlarda ishtirok etishmoqda.
Qayd etilgan holatlar tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va qonuniy manfaatlari buzilishining har qanday shaklining oldini olish uchun samarali choralar ko‘rilishiga, tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquqlarini tiklash, shu jumladan, sud orqali tiklash mexanizmlaridan unumli foydalanishga xizmat qilmoqda.
O.IMOMOV,
Biznes-ombudsman devoni yetakchi inspektori