Tadbirkorlar bilan navbatdagi uchrashuv o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev joriy yilning 20 avgust kuni mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot o‘tkazib, yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida bir qator muhim vazifalar va rejalarga to‘xtalib o‘tgan edi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi rahbari A.Ikramov boshchiligida tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, shahar va tumanlarda tashkil etilgan studiyalarda o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Savdo-sanoat palatasi vakillari, Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, hukumat a’zolari, vazirliklar va hokimliklar, idora va tashkilotlar va tijorat banklari rahbarlari, tadbirkorlar qatnashdi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari o‘tkazgan ochiq muloqoti tadbirkorlarga bir qancha yengilliklar yaratib berdi. Mol-mulk, daromad solig‘i va ijtimoiy soliqlar stavkalari 2 barobar kamaytirilib, yerning turiga qarab, uning joylashgan hududidan kelib chiqib, yerlar imtiyozli shartlar asosida ushbu korxonalarga xususiylashtirib beriladi. Tadbirkorlar yerdan yuqori likvidli aktiv va garov ob’ekti sifatida foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunday yangiliklar tadbirkorlarimiz uzoq yillar kutgan tarixiy kunga aylandi.
Yuk avtomobillarini olib kirishga 2 yil avval bojxona imtiyozlari berilgani, lekin bu imtiyoz 4 oydan keyin tugashini inobatga olib, imtiyozlarni yana 3 yilga uzaytirish bo‘yicha yangi qaror imzolangani, tadbirkorlarga temir yo‘l vagonlarini olib kelishga berilgan imtiyozlar 2025 yil 1 yanvargacha uzaytirilganligi alohida qayd etildi. Hozir 30 turdagi litsenziya va ruxsatnoma “onlayn” tarzda berib kelinmoqda va kelgusi yildan boshlab tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun barcha ruxsat etuvchi hujjatlar “onlayn” tarzda rasmiylashtirilib, joriy yil yakuniga qadar litsenziya yoki ruxsatnomalar soni yana kamida 30 foizga qisqartiriladi. Savdo-sanoat palatasiga tadbirkorning roziligi bilan barcha tekshirishlarda ishtirok etish va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish vakolati berildi. Prezidentimiz tomonidan 20 avgust mamlakatimizda “Tadbirkorlar kuni” deb e’lon qilinishi tadbirkorlarga qaratilgan alohida e’tibor ifodasi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar va investorlar bilan ochiq muloqotida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Savdo-sanoat palatasi va boshqa mas’ul idoralar bilan birgalikda tadbirkorlar murojaatlarini qabul qilish va tahlil etish bo‘yicha respublika shtabiga Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 575 tamurojaat kelib tushgan, shundan 563 tasi bajarilgan.
Eng dolzarb muammolarni tizimlashtirib, ularni hal etishga qaratilgan 7 ta muhim yo‘nalish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgani, bu borada bir qator imkoniyatlar, qulayliklar yaratilishi belgilangani tadbirkorlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada oshirdi. Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlar uchun sharoitlar yaratish borasidagi taklif va tashabbuslari tadbirkorlarni yanada ruhlantirdi.
Uchrashuvda Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish borasida belgilab berilgan yo‘nalishlar bo‘yicha imkoniyatlarini ishga solib, o‘z tadbirkorligini rivojlantirishni niyat qilgan bir qator tadbirkorlar so‘zga chiqib, o‘z takliflarini bildirdi.
[gallery-3552]
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA