Tadbirkorlar bilan muloqotda muammolar hal qilindi
Buxoro viloyat Soliq boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Yuldashev Romitan tumanida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvda 30 nafarga yaqin tadbirkorlik subyekti rahbari va ularning hisobchilari qatnashdi.

–Uchrashuvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad tadbirkorlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni hal etish choralarini ko‘rish hamda o‘rta, qoniqarli va quyi barqarorlik reytingidagi tadbirkorlik subyektlariga reytingdagi ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha zarur maslahatlar berishdir,– deydi viloyat Soliq boshqarmasi mas’ul xodimi Dilshod Baxtiyorov.
Soliq boshqarmasi boshlig‘i tadbirkorlarga soliq qonunchiligidagi yangiliklar, xususan, tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi yuzasidan batafsil tushunchalar berdi. Shuningdek, reytingdan o‘rin olgan umumiy, rag‘batlantiruvchi va kamaytiruvchi mezonlarni aniq misollar bilan ko‘rsatib berdi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotda 10 nafar tadbirkorning ayni vaziyatdagi muammolari o‘rganilib, ularning yechimi yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
–Sun’iy qoplamali futbol maydoncham bor, –deydi yakka tartibdagi tadbirkor Sharifjon Sharipov. –Uchrashuvda sun’iy qoplamali futbol maydonining qonunchilik talablariga asosan yer solig‘ini kamaytirish bo‘yicha murojaat qildim. Murojaatim qonunchilik doirasida o‘z vaqtida hal etildi.

“Samira Sabrina Oxunjon” MCHJ rahbari Salohiddin Rajabov tomonidan amalda foydalanib turgan mulkini qishloq xo‘jaligi toifasidagi mulkga aylantirish bo‘yicha qilingan murojaat ham hamkor tashkilotlar bilan kelishilgan holda o‘z yechimini topdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbiri