"Tadbirkorga ko‘mak" markazlari ish boshladi
Xabar berganimizdek, joriy yil 16-mart kuni Prezidentimiz Davlat soliq qo‘mitasiga tashrif buyurib, muloqot davomida soliq organlari tadbirkorlar bilan uchrashib muammolarini tinglashi, soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlarni tushuntirishi, ularga ko‘makchi bo‘lishlari yuzasidan qator topshiriqlar bergan edi.
Mazkur topshiriqlar ijrosi, shuningdek, “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida soliq to‘lovchilarga yanada sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida hududlarda “Tadbirkorga ko‘mak” markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Ayni kunlarda Farg‘ona viloyatning Farg‘ona, Qo‘qon, Marg‘ilon shahridagi, Buxoro viloyatining Romitan tumani va Kogon shahridagi dehqon bozorlarida “Tadbirkorga ko‘mak” markazlari faoliyat olib bormoqda.

E’tiborli jihati shundaki, markazdagi barcha xizmatlar bepul. Bu yerda fuqarolarga soliq qonunchiligiga oid so‘nggi o‘zgarishlarni tushuntirish bilan birga, qulay soliq rejimini tanlash, YeHFlarni rasmiylashtirish,
soliq hisobotlarini yuborish,
dastlabki buxgalteriyani yuritishda yordam ko‘rsatiladi.

Shuningdek, onlayn nazorat-kassa mashinalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, foydalanish va shu kabi masalalar yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.
Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Respublikamizning boshqa hududlarida ham “Tadbirkorga ko‘mak” markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA