Tadbirkorga 1,5 milliard so‘m kompensatsiya undirib berildi
Bugungi kunda tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qiluvchi vakil Biznes-ombudsman tomonidan natijali ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Biznes-ombudsman Surxondaryo viloyatida faoliyat yurituvchi «Jasur ishlab chiqarish kombinati» (nomi o‘zgartirilgan) MCHJ rahbari tomonidan kelib tushgan murojaat yuzasidan o‘rganish ishlarini olib bordi.
Unda MCHJ rahbari Sho‘rchi tuman hokimligidan kompensatsiya undirishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.
Aniqlanishicha, tadbirkorga tegishli 22 sotix yer uchastkasi va 351,5 kvadrat metrli binolar davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan. Sho‘rchi tuman hokimining qaroriga asosan, tadbirkorning mulki buzilishi va yer uchastkasi hokimlik zaxira yer fondiga kiritilishi belgilangan. Biroq kompensatsiya to‘lovlari o‘z vaqtida amalga oshirilmagan.
Biznes-ombudsman yordamida tadbirkor sudga arz qildi. Sud qarori bilan tadbirkorga yer uchastkasi uchun 1,2 mlrd. so‘m va binolar uchun 383 million so‘m miqdorida kompensatsiya undirib berildi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA