Tadbirkor xotin-qizlar safi kengaymoqda
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi a’zolari Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida aholi bilan muloqot o‘tkazdi. Qishloq xotin-qizlarini oilaviy tadbirkorlikka jalb etish, tomorqa xo‘jaligidan unumli foydalanish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan tadbirlarda ishtirok etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizm va samarali usullarini joriy qilish yuzasidan belgilab berilgan vazifalarni hayotga tatbiq etishda jamoat tashkilotlari, siyosiy partiyalar ham faol ishtirok etmoqda.Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi a’zolari Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida aholi bilan muloqot o‘tkazdi. Qishloq xotin-qizlarini oilaviy tadbirkorlikka jalb etish, tomorqa xo‘jaligidan unumli foydalanish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan tadbirlarda ishtirok etdi.
Partiya faollari tashabbusi bilan tumandagi “Xolmo‘minov Zohid” fermer xo‘jaligi rahbari Sharofat Noriyevaning xonadonida o‘tkazilgan ko‘rgazmali o‘quv-seminarda kasb-hunar kollejlarini bitirayotgan qizlar, uy bekalari ishtirok etdi.
Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.To‘rayeva va boshqalar davlatimiz tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun yaratilayotgan huquqiy asoslar aholi turmush farovonligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Partiya tomonidan 2016 yilda o‘tkazilgan “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichida ikkinchi o‘rinni egallagan Sharofat Noriyeva seminar ishtirokchilarini o‘zining fermerlik faoliyati bilan tanishtirdi.
Sharofat opa rahbarlik qilayotgan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligida g‘alla, ismaloq, gul, archa ko‘chati, terak parvarishlanmoqda. Germaniya va Polshadan keltirilgan 20 bosh zotdor qoramol boqilmoqda. 8 kishi mehnat qilayotgan xo‘jalikning sof daromadi o‘tgan yili 165 million so‘mni tashkil etdi.
– Prezidentimiz rahnamoligida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashdan ko‘zlangan asosiy maqsad xalqimiz turmush farovonligini yanada yuksaltirish ekanini ko‘plab tadbirkorlarning hayoti ko‘rsatib turibdi, – deydi fermer. – Ana shu imkoniyatdan foydalanib, bu yil qoramollar sonini 50 boshga yetkazib, kuniga bir tonna sutni qayta ishlash quvvatiga ega sex qurishni niyat qilganmiz. 80 sotixlik issiqxonamizni ham kengaytiramiz. Bu ishlarni amalga oshirish uchun mablag‘imiz yetarli, kamiga bank kreditidan foydalanamiz.
Seminar ishtirokchilari tadbirkorning issiqxonada gul yetishtirish tajribasi bilan tanishdi. Qish adog‘ida yashnab turgan turli anvoyi gullar ishtirokchilar qalbiga bahor nafasini olib kirdi.
– Mahalliy hokimliklar, xotin-qizlar qo‘mitalari va banklar bilan hamkorlikda ushbu o‘quv-seminarni o‘tkazishdan maqsad qishloq xotin-qizlariga o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishida ko‘maklashish, – deydi partiya siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisining ayollar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari M.Akromova. – Qishloq va mahallalarda aholi bilan muloqot o‘tkazish jarayonida tadbirkorlikka qiziqqan, o‘z imkoniyatini sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan xotin-qizlarni o‘quv-seminarga taklif etmoqdamiz. Ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirishga qaratilgan o‘quv jarayonida faol va ishbilarmon ayollar tadbirkorlikka yo‘naltirilmoqda.
Seminarda ishbilarmon va faol xotin-qizlar tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi.