Tadbirkor xotin-qizlar qo‘llab-quvvatlanmoqda
Shaharoy opa Saidaning durustgina zardo‘z ekanini xonadoniga kelin bo‘lib tushgandan keyin bildi.
Shaharoy opa Saidaning durustgina zardo‘z ekanini xonadoniga kelin bo‘lib tushgandan keyin bildi.– Kelinning zuvalasiga qaynonaning xamirturishi qo‘shiladi, deb bejiz aytishmas ekan, – dasturxon boshida ham ayolini, ham kelinini bir gapda maqtab qo‘ydi Qodir aka. – O‘g‘lim, onang qachondan beri hiqillab yuribdi, tadbirkor bo‘laman, oilaviy korxona ochaman deb. Men hech ishdan ortmayapman. Endi o‘zing bir hafsala qilib, mashinangda “yagona darcha” markaziga g‘izillatib, eltib kel!
Shaharoy opaning ko‘zlari quvonchdan porlab ketdi.
– O‘sha markazda xat-hujjat yig‘ib borilsa, hamma ish bir kunda bitar ekan! – ona avval turmush o‘rtog‘iga, keyin o‘g‘liga tikildi. – Biznes-reja tayyor, kecha forumda mutaxassislar ko‘rib, yaxshi dedi. Keyin... endi bir o‘zim emas... mana, kelinim ikkalamiz... yana mahalladan bir-ikki qo‘ligul qizlarni ishga taklif qilamiz.
– To‘g‘ri, to‘g‘ri, – xotinining gapini tasdiqladi Qodir aka, – bu shashtlaringdan qaynona-kelin katta tadbirkor bo‘lib ketasizlar-ov.
Saida gapning qalovi bunday tus olganiga ishonmas, choynakni olib oshxona tomon yurar ekan, o‘zini uchib ketayotganday his qilardi. Axir, hozirgina – dasturxon boshida to‘ydan keyin yaproqlari so‘la boshlagan orzu niholiga, tadbirkor bo‘lish niyatiga obi hayot berildi-ku...
...Joriy yilning o‘tgan davrida Toshkent viloyatidagi tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlarga 71 milliard 500 million so‘mlik kreditlar ajratildi. Natijada 2 mingdan ortiq xotin-qiz, xususan, kasb-hunar kollejlarini tamomlagan yoshlar ish bilan ta’minlandi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning tadbirkorlik borasidagi tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanayotgani, buning uchun kreditlar ajratilayotgani ularning ishbilarmonlik salohiyatini yuzaga chiqarish imkonini berayotir. Bu jarayonda “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Toshkent viloyati bo‘limi tomonidan ham qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda viloyatda 8 ming 200 dan ortiq xotin-qiz tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqda. Ulardan mingga yaqini hunarmand bo‘lsa, yetti yuzdan ortig‘i fermer xo‘jaligini boshqarmoqda.
– O‘z safida 4 mingga yaqin tabdirkorni birlashtirgan tashkilotimizga a’zo bo‘lish istagidagi opa-singillarimiz yildan-yilga ortmoqda. Ular orasida iqtisodiy bilim va tajribaga ega ayollar ham, bu borada hali yetarlicha ko‘nikmaga ega bo‘lmagan xotin-qizlar ham bor, – deydi “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Toshkent viloyati bo‘limi raisi M.Qodirxonova. – Binobarin, bilimi, malakasi yetarli tadbirkorlarga mehnat bozorida mavqeini yanada mustahkamlashi, forum va ko‘rgazmalarda ishtirok etishi, endi ish boshlayotganlarga qiziqishi asosida bilim va ko‘nikmasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Ishlab chiqarish va servis sohasidagi eng yaxshi tadbirkor ayol”, “Tadbirkor qizning eng yaxshi biznes loyihasi”, “Eng yaxshi biznes loyiha tuzgan kollej bitiruvchisi” kabi ko‘rik-tanlovlar har yili ko‘plab xotin-qizlarni rag‘batlantirish bilan birga, ularning o‘zaro tajriba almashishi uchun ham yaxshigina imkoniyat yaratmoqda.
Assotsiatsiyaning tuman va shaharlardagi bo‘limlari tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi xotin-qizlar, ayniqsa, qishloq ayollarining komputer savodxonligini oshirishga alohida e’tibor qaratadi. Zero, bugun komputerda, internetda ishlashni puxta bilmasdan biznesda muvaffaqiyat qozonish mushkul. O‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari uchun alohida loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu loyihalar doirasida bitiruvchilar viloyatdagi xotin-qizlar rahbarlik qilayotgan korxonalarda amaliyot o‘tab, biznesni boshqarish ko‘nikmasini egallaydi. Tadbirkorlarning huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan seminar-treninglarda xotin-qizlarga buxgalteriya hisobidan to biznes-reja tuzish, korxonani ro‘yxatdan o‘tkazish, eksport-import amaliyoti, bojxona, soliq tizimlari bilan ishlashgacha bo‘lgan jarayon atroflicha tushuntiriladi.
“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Toshkent viloyati bo‘limi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining grant tanlovida “Yoshlarni, avvalo, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, qishloqlarda oilaviy biznesni rivojlantirish uchun sharoit yaratish” loyihasi bilan ishtirok etib, 25 million so‘mlik grantni qo‘lga kiritdi. Bu loyihaga asosan hozirgi kunda chekka hududlardagi kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari uchun biznesni tashkil etish va yuritishni o‘rgatuvchi mashg‘ulotlar olib borilmoqda.
– Non va non mahsulotlari ishlab chiqaradigan “Shafiqa-Oqil” xususiy korxonamizda yetti kishi doimiy ish bilan ta’minlangan, – deydi quyichirchiqlik tadbirkor Q.Karimova. – Ishchilarning uchtasi kasb-hunar kollejini bitirgan yoshlar. Biznes-reja tuzish, bankdan 28 million so‘mlik imtiyozli kredit olish, zarur qurilmalarni xarid qilib, barqaror faoliyat yuritishimizda “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasining alohida xizmatlari bor. Ayni paytda korxonamizning hisob-raqamidagi mablag‘ aylanmasi 217 million so‘mni tashkil etmoqda. Hozir Quyi-Chirchiq tumanida bolalar sport maydonchasi va stadion qurish loyihasi ustida ishlamoqdamiz. Bu rejamiz amalga oshgandan keyin yana o‘nta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatning barcha tuman va shaharlarida o‘tkazilgan konferensiya, seminar-trening va biznes-forumlarda ayollar rahbarlik qilayotgan korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Mazkur tadbirlarda qatnashgan yetti mingga yaqin ishtirokchining to‘rt mingdan ortig‘i kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari ekani yoshlarning kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka qiziqishi yuqoriligidan dalolat beradi. Ahamiyatlisi, tadbirlar davomida hunarmand ayollarga zarur yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatilib, ko‘plab yangi oilaviy korxonalar tashkil etilishiga erishildi.
Bularning barchasi mamlakatimizda xotin-qizlarning tadbirkorlik salohiyatini yuksaltirish, oila va jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlashga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasidir.